Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mariupoldagi «Azovstal» zavodini shturm qilishni to‘xtatishga buyruq berdi. Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda u bu shturmni maqsadga muvofiq emas deb aytdi. BBC rus xizmati buning sabablarini ko‘rib chiqdi.
Rossiyalik harbiylar bir necha haftadan buyon «Azovstal» metallurgiya kombinati hududini egallashga urinmoqda, bu yerda shahar himoyachilarining so‘nggi qismi va ko‘plab tinch aholi vakillari bor. Bu yerni boshpana qilganlarning aniq soni ma’lum emas. Rossiya mudofaa vazirligi baholariga ko‘ra, hozirda «Azovstal» hududida 2,5 ming kishi bo‘lib turibdi. Rossiya harbiylari bunda asirga tushgan ukrain jangchilarining ma’lumotlariga asoslanishmoqda.
Ukraina hukumati zavod hududida 1000 nafargacha tinch aholi vakillari bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bu raqam Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchuk tomonidan keltirilgan. Mariupol meri Vadim Boychenko qurshovda qolgan tinch aholi vakillari soni 300 nafardan 1000 nafargacha bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bu raqamlarni tekshirishning imkoni yo‘q.
Zavod Kalmius daryosi va Azov dengizi sohili o‘rtasidagi katta maydonni egallagan. Zavod o‘zining yuk tashiluvchi portiga va keng tarmoqli yerosti kommunal tizimiga ega hisoblanadi.

Putin va Shoygu nima haqda gaplashdi

Putin bilan uchrashuvda Shoygu Mariupolni «Azov» natsionalistlari poytaxti» deb atadi. U shahar nazoratga olingani - faqat «Azovstal» korxonasi hududi mustasno ekanini ma’lum qildi. «U yerda ukrain jangarilari va xorijlik yollanma jangchilar qamalib qolgan», degan Shoygu.
Vazirning ma’lumotiga ko‘ra, zavod hududida 2,5 ming atrofida kishi bor.
«Men sanoat zonasiga hujumni maqsadga muvofiq emas deb hisoblayman, uni bekor qilishni buyuraman. Hozir biz askar hamda ofitserlarimizning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolishni o‘ylashimiz kerak bo‘lgan vaqt. Ushbu sanoat obektlari ostidagi katakombalarga tushib, emaklash kerak emas. Mazkur sanoat zonasini hatto pashsha ham uchib o‘ta olmaydigan qilib, bloklab qo‘ying», dedi Putin Shoyguning Mariupoldagi vaziyat bo‘yicha hisobotidan keyin.
Putin shuningdek taslim bo‘lgan ukrain harbiylarining joni omon qolishini kafolatlagan.













