Ramazonning so‘nggi 10 kuniga atab Bayt Al Fann saytida butun jahondagi masjidlarning shiftlariga solingan maftunkor naqshlar surati e’lon qilindi.

Bayt Al Fann sayti (Bayt-ul fann arabchadan tarjima qilinganda «San’at uyi» ma’nosini beradi) Islomiy an’analar bilan bog‘liq arxitektura, san’at, rassomchilik namunalarini o‘rganuvchi va targ‘ib etuvchi, kreatorlar uchun global onlayn uy hisoblanadi.

Saytning yozishicha, bu fotogalereyani to‘plashdan maqsad — Ramazon oyining so‘nggi 10 kunida jahondagi ko‘plab musulmonlar tunlarni masjidlarda ibodat bilan bedor o‘tkazishadi. Masjidlarning shiftlariga, qubbasi ichiga solingan naqshlar va naqshinkor koshinlar olamning buyukligini aks ettiradi.

Jome masjidi. Andijon, O‘zbekiston.

Foto: baytalfann.com

Masjid qurilishi 1883 yilda boshlangan va 7 yil davom etgan. Betakror o‘ymakor naqshlarga ega yog‘och ustunlar geometrik naqshlar va nabotot elementlari qorishmasidan iborat yorqin bezaklarga ega shiftni tutib turibdi.

Shayx Lutfulloh masjidi. Naqshi Jahon maydoni, Isfahon, Eron

Foto: baytalfann.com

Masjid qurilishi 1603 yilda boshlangan va 1619 yilda tugatilgan. Fors podshohi Abbos I davrida bosh me’mor Muhammadrizo Isfahoniy tomonidan qurilgan. Qubba intererining qiziqarli detallari.

Jome masjidi, Yazd, Eron

Foto: baytalfann.com

XIV asrda qurilgan masjiddan hanuzgacha foydalaniladi. Ilk marta u Oli Buya shajarasidan Alouddin Garshasp davrida qurilgan. 1324 va 1365 yillarda jiddiy tarzda qayta qurilgan. Shifti go‘yoki sahroning yuragiga eltuvchi zinadek qurilgan.