5 yil oldingi kabi

Makron birinchi turda 27,6 foiz ovoz to‘pladi. Bu borada uning natijasi 5 yil avvalgiga qaraganda 2,5 foizga yaxshilangan. Le Pen birinchi turda 27,4 foiz ovoz olgan. Bu borada «Milliy birdamlik» partiyasi yetakchisi 5 yil oldingi natijasini 6,1 foizga yaxshilab olgan.

Ammo ikkinchi turda ham birinchi bosqichda bo‘lgani kabi ikki nomzod kichik farq bilan ovoz to‘playdi degani emas. Masalan, 2017 yil saylovning ikkinchi bosqichida Makronga saylovda ishtirok etganlarning 66,1 foizi ovoz bergan. Le Pen esa 33 foiz bilan kifoyalangan. Ukrainadagi urush Fransiyadagi saylov natijalariga ham bevosita ta’sir qilishi kutilmoqda. Aynan urush sabab bu galgi saylovlarda intriga ancha yuqori.

Saylov nega ikkinchi bosqichga o‘tgani esa tushunarli, bu gal ham hech bir nomzod 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play olmadi.

Hal qiluvchi debat: asosiy mavzu urush bo‘ldi

Saylov finalidan avval nomzodlar hal qiluvchi, yakkama-yakka debatda ishtirok etdi. Uning asosiy mavzusi esa tabiiyki Ukrainadagi urush bo‘ldi. Debatlar saylov natijasiga eng jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lishi aniq. Sababi, Makron ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra Le Penni 10 foizga ortda qoldirayotgan bo‘lsa-da, hali 10 foiz saylovchilar kimga ovoz berish borasida bir qarorga kelmagan.

2017 yilgi saylovlarda ham finaldan avvalgi debat natija uchun hal qiluvchi bo‘lgani aytiladi. O‘shanda ekspertlarning fikricha, Marin Le Pen yaxshi tayyorlanmagani sezilgan va debatlarda o‘zini juda qiziqqon tutgan. Tahlilchilar Le Pen bu gal oldingi xatolarini takrorlamagani va xotirjam ko‘ringaniga e’tibor qaratdi. O‘z navbatida Le Pen Makronni izdan chiqarishni ham uddalay olmagan, amaldagi prezident keskin pozitsiya egallab sovuqqonlik ko‘rsatgan.

Rossiya borasida tortishuv

Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi urush mavzusi debatning asosiy qismiga aylandi. Har ikki siyosatchining ham Rossiya borasida fikrlari keskin farqli ekani oydek ravshan.

Makron urush boshlanishidan avval Moskvaga borgan kam sonli g‘arblik siyosatchilardan biri bo‘ldi. 24 fevralda urush boshlangach, Makron Rossiyaning harakatlarini qoralab, G‘arb sanksiyalarini qo‘lladi. Shuningdek, Kiyevga qurol yetkazib berilishini aytdi. Makron urush vaqtida Putin bilan eng ko‘p telefonda gaplashgan davlat rahbari bo‘ldi. Muloqotni to‘xtatmagan Makron Putinni qoralashni ham kanda qilmadi. Fransuz nashrlarining yozishicha, bu ko‘p sonli muloqotlarda Putin har safar urush qanday paydo bo‘lganining sabablarini tushuntirgan.