Bunga sabab – bir tomondan bir dorining o‘nlab, yuzlab kasalliklarga davo sifatida ko‘rsatilishi va kutilgan samarani bermasligi bo‘lsa, ikkinchidan, ayrim reklama roliklarining oila davrasida ko‘rib bo‘lmas darajada “ochiqligidir”.
Bu borada bir necha kun avval “Guangzhou medical of China” MChJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ham holatni ifodalaydi.
Xo‘sh, o‘zbek telekanallarida dori vositalari reklamasi nega bunchalik ko‘payib ketdi? “Guangzhou” odamlarni qanday aldab kelgan? O‘zbekistonliklar-chi, nega bunchalik dorilarga “o‘tirib qoldi?”
Kun.uz muxbiri ayni savollardan yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova va tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayev bilan intervyu uyushtirdi.
Kun.uz:
Qizilgul opa, Zarifboy aka, dastlab ikkingizga ham bir savol bilan yuzlanmoqchiman. OAV va jumladan, hozir o‘zbek televideniyesida berilayotgan reklamalarning 50 foizi va balki undan ham ko‘prog‘ini dori vositalari tashkil etishi faqat bizda uchraydigan holatmi yo boshqalarda ham shundaymi?
Shuningdek, ikkingiz ham shifokor ekanligingizni inobatga olgan holda, yana bir savol: nega o‘zbek jamiyati dorilarga bunchalik “o‘tirib qoldi?”

Qizilgul Qosimova:
Bu masala birinchi navbatda xalqimizning tibbiy madaniyati bilan bog‘liq, chunki avvalo, reklamadagi dorilarga talab bo‘lyapti. Bundan tashqari, dorixonalar tadbirkorlik sub’yekti sifatida o‘zidagi mahsulotni reklama orqali o‘tkazishga harakat qilyapti.
Keyingi paytlarda chindan ham mentalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmaydigan dori reklamalarini ko‘p ko‘ryapmiz. Bu bizga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Jahon tajribasida ham shundaymi? Yo‘q, ularda bizchalik emas. Masalan, Turkiyada bemorga shifokor tavsiyasisiz birorta dori berilmaydi. Tabiiyki, dorilar reklamasi ham nazoratda.
Bizda esa odamlar boshi og‘rib qolsa ham dorixonaga boradi va dorixonada unga dori yozib beraverishadi.

















