1954 yilning 26 aprelida Andijon viloyati Marhamat tumanida tug‘ilgan shoir uzoq umr ko‘rmagan bo‘lsa-da, xalq dardini, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni his qilib, oddiy odamlarga ham birday qadrdon ko‘plab she’rlar yozdi.

Kun.uz xalqning sevimli shoiri Muhammad Yusuf haqidagi xotiralar va uning she’rlaridan parchalar jamladi.

“Do‘ppi” she’rining yozilish tarixi

Tursunboy Adashboyev, bolalar shoiri (yozuvchi Murodjon Mansurovdan eshitganlari):

— Men «Yoshlik» jurnalida, Muhammadjon «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlab, xizmat yuzasidan tez-tez uchrashib turardik. Mustabid tuzumning o‘ziga xos chig‘iriqlari bo‘lib, ayniqsa ijodkor yoshlarning asarlari tegishli idoralar orqali sinchiklab kuzatilar edi. «Yoshlik» jurnalining navbatdagi xomaki nusxasini o‘sha idoraning mas’ul vakiliga olib borganimda, u mening boshimdagi ohori to‘kilmagan do‘ppimga istehzo bilan uzoq tikilib turdi. Men o‘z navbatida bu singlimiz umrida do‘ppi kiygan odamlarni ko‘rmagan shekilli, degan xayolga bordim. U ijirg‘anib jurnalning xomaki variantini ko‘zdan kechirdi va ayrim she’rlarga e’tiroz bildirdi. Ortimga xafagazak qaytar ekanman, yo‘lda Muhammad Yusufni uchratib qolib, do‘ppi bilan bog‘liq yuqoridagi voqeani unga aytib berdim.

– G‘aroyib ish bo‘libdi, xafa bo‘lmang, Murodjon aka, – deb miyig‘ida kulib qo‘ydi...

Oradan ko‘p o‘tmay, iqtidorli shoir ukam Muhammad Yusufning quyidagi bag‘ishlovi yetakchi gazetalardan birida chop etildi.

“Shoir uloqni olib ketgandi...”

Muhammad Ali, yozuvchi:

— O‘tgan asrning saksoninchi yillarida Yozuvchilar uyushmasida katta mushoira bo‘ldi. Qorachadan kelgan bir yigitcha minbarga chiqib, taniqli shoirlar qatorida she’r o‘qidi, o‘qidi-yu, uloqni olib ketgani bilindi! Bu yosh shoir Muhammad Yusuf edi, uning she’ri do‘ppiga bag‘ishlangandi.

«Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq» satrini keltirganda, zal olqishlarga to‘ldi. Nazokat bilan aytilgan, chuqur ramziy ma’noga ega bu she’r o‘zbeklikni, o‘zbekni ulug‘lovchi, g‘ururimizni yuksakka ko‘taruvchi timsol sifatida jaranglagandi. Ha, shoir do‘ppiga loyiq odamlar bo‘lishini, shularning safida shaxdam yurishni orzu qildi.

Qizlarini suygan shoir