Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov armiya Ukrainada «maxsus amaliyotning ikkinchi bosqichi»ni boshlagani haqida ma’lum qilgandi. Kiyevdagilar ham hal qiluvchi janglar boshlanib ketganini aytishgan. Ammo hozircha Donbassdagi vaziyat jiddiy o‘zgargan deyish qiyin: Rossiya armiyasi va DXR hamda LXR kuchlari faollashgan, ammo qat’iy harakatlarga qo‘l urilgani yo‘q. Ochiq ma’lumotlarga asoslangan holda qaysi yo‘nalishlardan hujum bo‘lishi haqida aniq xulosaga kelish qiyin. Amaliyotga tayyorlanish uzoq davom etayotganining ajablanarli tomoni yo‘q: o‘rtaga ko‘p narsa tikilgan. Urush natijasi, katta ehtimol bilan, operatsiyaning qanday shakli tanlanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Rossiya tomoni urushning ikkinchi bosqichidan maqsad Donbass va Janubiy Ukraina ustidan to‘liq nazorat o‘rnatib, annexia qilingan Qrimga yo‘lakni ta’minlash, shuningdek Moldovadagi Dnestrbo‘yiga yo‘l ochish ekanini bildirgan. Ukraina bilan tinchlik muzokaralari ham muzlab qolgan, «Moskva» kreyseri halokatidan g‘azablangan Putin endi Ukrainaning imkon qadar ko‘proq hududini egallab olishni istamoqda.

Lekin hozircha Donbassda hal qiluvchi janglarni eslatuvchi voqealar ro‘y bermayapti. Rossiya qo‘mondonligi hal qiluvchi g‘alabaga erishmoqchi bo‘lsa, qator muammolarini bartaraf etishi kerak. Ukrain armiyasi ham kuchlarini Donbassda jamlamoqda.

Ukraina armiyasining mamlakat sharqidagi pozitsiyalari bir qadar ustunliklarga ega. Bu pozitsiyalar shimol va sharqdan Shimoliy Donets daryosi bilan o‘ralgan, bu esa texnikalar va ta’minotchi kolonnalarni olib o‘tishda jiddiy muammo tug‘diradi. Rossiya armiyasi bu daryo bo‘yida, Izyum shahridan janubda birgina platsdarm (harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘riladigan maydon) o‘rnata olgan, ukrain kuchlari esa bir necha platsdarmlarga ega: Chuguyev va Limandan Severodonetskkacha — bu nuqtalar orqali Rossiya harbiylari ustiga qarshi hujum uyushtirish mumkin.

Janubdan, Donetsk yo‘nalishida Ukraina qo‘shinlari so‘nggi yetti yil davomida (mintaqadagi urushning birinchi fazasi yakunlangan 2015 yildan buyon) Donbassdagi respublikalar bilan tutashuv chizig‘ida barpo etilgan, artilleriya bilan mustahkamlangan istehkomlarga tayanadi. Ikki oydan buyon rossiyalik harbiylar va Donbassdagi ikki «respublika» kuchlari bu istehkomlar zanjirini yorib o‘ta olmadi.

So‘nggi haftalarda rossiyalik harbiylar, katta ehtimol bilan, quyidagi muammolarni hal qilishga tayyorgarlik ko‘rish bilan mashg‘ul bo‘lishdi:

  • Kiyev va Chernigovdagi harbiy harakatlarda qatnashgan qismlarni Donbassga olib o‘tish jarayonini yakunlash. Izyumdan janubdagi hududda avval Kiyevdan shimol va g‘arbdagi hududlarda ko‘zga tashlangan desant qismlar paydo bo‘lgan.