Ayni vaqtda vaziyat shundayki, rasmiy Helsinki va Stokholm shu yilning yozidayoq NATOga a’zolik uchun ariza berishga tayyorlanmoqda. Rossiya tomoni esa xavfsizlikka jiddiy tahdid sifatida Finlandiya va Shvetsiyani alyansga a’zo bo‘lish oqibatlaridan doimiy ogohlantirib keladi.
Jumladan, Rossiya tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Mariya Zaxarova 20 aprel kungi chiqishida Finlandiya va Shvetsiyani NATOga a’zolikka intilish oqibatlaridan ogohlantirib, shunday dedi:
“Biz ommaviy tarzda, ham ikki tomonlama kanallar orqali o‘z ogohlantirishlarimizni berdik. Ular bu haqda bilishadi, shuning uchun hayron bo‘lishning keragi yo‘q. Bu nimalarga olib kelishi borasida barchasidan xabardor qilganmiz”.
Kun.uz muxbiri siyosatshunoslar Xayrulla Umarov va Kamoliddin Rabbimov bilan davlatlar o‘rtasida yuzaga kelayotgan ana shu murakkab vaziyat va uning rivoji bo‘yicha suhbat uyushtirdi.
Kun.uz:
Finlandiya va Shvetsiya shu yilning yozidayoq NATOga kirishi mumkinligi va uning atrofidagi gap-so‘zlar ko‘p muhokama qilinmoqda.
Ayni paytda real vaziyat shundayki, Finlandiya iyunda, Shvetsiya esa undan keyinoq NATOga kirish uchun ariza berishi kutilmoqda.
Xo‘sh, sizlar bir paytlar neytrallik e’lon qilgan va shu siyosat bilan intensiv rivojlanib borayotgan bu ikki davlat nima uchun ushbu harbiy tuzilmaga intilmoqda deya hisoblaysiz?

Xayrulla Umarov:
Vaziyatni tahlil qilishdan avval NATO o‘zi qanday tashkilot, degan savolga javob berish kerak?
Bu – 1949 yilda tashkil topgan harbiy tashkilot. Alyansning maqsadi, o‘sha paytdagi Sovet Ittifoqi, uning mafkurasi va qurolli kuchlariga qarshi turadigan harbiy tuzilmaga aylanish edi.
SSSR parchalangandan keyin o‘tgan vaqt davomida esa NATOning uch barobarga kengayganini ko‘rishimiz mumkin.
Endi siz aytgan Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasiga o‘tsak. Siyosatda Yuliy Tsezar aytgan bir fikr qoida sifatida olinadi: “Tinchlikni xohlasang, urushga tayyorgarlik ko‘r”.

















