Rossiya-Ukraina urushi Yevropa mamlakatlarini qazib olinadigan yoqilg‘i resurslaridan voz kechishni tezlashtirishga va ayniqsa, Rossiya neft va gazidan uzoqlashishga jiddiy e’tibor qaratishga majbur qildi. Yevrokomissiya Rossiya tomoni gaz eksport qilishni to‘xtatgan taqdirda, amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini e’lon qildi.

YeI va Rossiya o‘rtasidagi o‘n yillik «Drujba» nihoyasiga yetdi. Foto: AFP

Yangilangan rejaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2027 yilgacha Rossiyadan import qilinuvchi qazib olinadigan energiya resurslaridan butunlay voz kechmoqchi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun qo‘shimcha 200 milliard yevro ajratiladi.

Urushdan oldin 2050 yildan keyingina «Gazprom» bilan imzolangan uzoq muddatli shartnomalarni to‘xtatish bo‘yicha rejalar bor edi, ammo Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan ikki hafta o‘tgach, Yevrokomissiya 2030 yilgacha rus neft va gazidan butunlay voz kechish dasturini ishlab chiqdi. Endilikda bu reja konkretlashtirildi va muddat yana uch yilga qisqartiriladi.

«Putin boshlagan urush jahon energetika bozorini beqarorlashtirib yubordi. Rossiyaga qazib olinadigan yoqilg‘i yetkazib beruvchi sifatida tayanishimiz esa qanchalik zaif ekanimizni ko‘rsatib qo‘ydi. Imkon qadar tezroq Rossiyaga qaramlikni kamaytirishimiz kerak va buni uddalay olamiz», - dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen.

Shu nuqtayi nazardan Yevrokomissiya 2050 yilgacha mo‘ljallangan Yevropa yashil iqtisodiyotini qayta qurish dasturini tezlashtiradi. Yevropa Ittifoqi 2030 yilga borib gaz iste’molini hozirgiga nisbatan 30 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi nima qilmoqchi?

Yevropa Ittifoqi Rossiya neft va gaziga qisman muqobil tanlov sifatida, birinchi navbatda, AQSh va Yaqin Sharq mamlakatlaridan importni oshirishni reja qilgan. Bu borada terminallar, quvurlar va boshqa infratuzilmalarni tayyorlash uchun 12 milliard yevro kerak bo‘ladi.

Ammo rejaning asosiy va ancha qimmat qismi qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va tejamkorlikni oshirishga qaratilgan.

YeI qayta tiklanadigan manbalardan olinadigan energiyaning ulushini ikki baravar oshirib, uni 45 foizga yetkazmoqchi (urushgacha bo‘lgan rejada bu 40 foiz edi), shuningdek, energiya sarfini oldin reja qilinganidek yiliga 1,5 foizga emas, balki 2 foizga kamaytirib boradi. Bu esa 2030 yilga borib energiya sarfining 13 foizga kamayishiga imkon beradi.