Sud hukmi e’lon qilinishi jarayoni bir soatga yaqin vaqt davom etdi. Sudya Shishimarinni aybdor deb topdi va uni umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qildi. Rossiyalik serjant «Urush qonunlari va urf-odatlarini buzish» moddasi (Ukraina JK 438-modda, 2-qism) bo‘yicha sud qilindi.

21 yoshli Shishimarin - Ukrainaga bosqin boshlanganidan buyon harbiy jinoyatlarda ayblanib, sud qilingan ilk rossiyalik harbiy bo‘ldi. Shishimarin Sumi oblastidagi Chupaxovka qishlog‘ida yashagan 62 yoshli Aleksandr Shelipovni o‘ldirishda ayblangan. U birinchi sud majlisidayoq aybiga iqror bo‘lgandi.

Sud jarayoni atigi bir hafta vaqt davom etdi.

28 fevral kuni ro‘y bergan voqealar, ayblovchi tomon versiyasiga ko‘ra, quyidagicha rivojlangan: Grinchenkovo qishlog‘i yaqinida ukrain harbiylari tarkibida Shishimarin ham bo‘lgan kolonnani yakson etgan, shundan keyin u va yana to‘rt nafar rossiyalik harbiy mahalliy aholi vakillaridan birining mashinasini egallab, chegara tomonga qochishga uringan.

Shishimarin sud vaqtida

Yo‘lda ular telefonda gaplashayotgan Shelipovni uchratishgan va Pufakov familiyali harbiy Shishimaringa bu odam ular haqida ukrain harbiylariga xabar yetkazmasligi uchun uni o‘ldirishni buyurgan.

«Menga otishni buyurishdi». Rossiyalik harbiy sudda qurolsiz ukrainalikni o‘ldirganini tan oldi

Shishimarin avtomatdan bir necha o‘q uzgan va Shelipov o‘z uyidan bir necha o‘n metr narida boshiga tekkan o‘qdan halok bo‘lgan.

Shelipov o‘ldirilganidan keyin Shishimarin bo‘lgan avtomobil o‘qqa tutilgan va ko‘p o‘tmay u hamda uch nafar harbiy xizmatchi asir tushishga qaror qilgan - beshinchi harbiy zarba vaqtida og‘ir yaralanib, vafot etgan.

Shishimaringa davlat tomonidan taqdim etilgan advokat Viktor Ovsyannikov sudda serjant o‘zidan yuqori darajada turgan ikki harbiyning bosimiga uchragani va Rossiya qurolli kuchlari ustavi talabiga rioya etganini aytgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, 21 yoshli harbiy o‘q odamga tegmasligiga umid qilgan holda buyruqni rasman bajargan.

Shishimarinning o‘zining hikoya qilishicha, praporshchikning buyrug‘idan keyin u sustkashlik qilgan va o‘q uzmagan. O‘shanda unga boshqa harbiy («noma’lum») o‘girilgan va barchani xavf ostida qoldirmaslik uchun o‘q uzishni talab qilib baqira boshlagan.