Uch oy muqaddam Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangandi. Vladimir Putin qisqa maxsus amaliyot sifatida e’lon qilgan va Kreml tezda Kiyevning olishi bilan yakunlashni rejalashtirgan harbiy harakatlar uzoq davom etuvchi va pozitsion urushga aylanib ketdi. BBC rus xizmati harbiy harakatlar va ishg‘olning 90 kunligidagi asosiy voqealarni esladi.

Mariupolning yakson etilishi

Foto: Getty Images

1941 yilda nemis qismlari, 1943 yilda esa sovetlarning Janubiy fronti Mariupolni bir necha kun ichida egallab olishgandi. Azov dengizi bo‘yida yastangan ushbu shaharni mudofaa qilish qiyin deb hisoblanardi. Ammo 2022 yilda ma’lum bo‘ldiki, bu imkoni bo‘lgan ish.

Ukraina harbiylari bir oy davomida raqibni Mariupoldan tashqarida tutib turishdi - Rossiya harbiy bo‘linmalari shaharga faqat 24 martga kelib kira boshlashdi. Ukraina harbiy dengiz piyodalari va «Azov» polki tomonidan mudofaa qilingan «Azovstal» esa ikki oydan oshiq vaqt davomida qamalga bardosh berdi.

Mariupolda «Azovstal» qamali Rossiya armiyasining katta miqdordagi kuchlarini band qildi, bu qismlar Donbassning boshqa hududlaridagi harbiy harakatlarga jalb etilishi o‘rniga shahar ko‘chalaridagi og‘ir janglarda qatnashishga majbur bo‘ldi.

Harbiy harakatlar davom etayotgan mahalda mariupolliklar o‘z yaqinlarini uylar hovlisiga ko‘mishga majbur bo‘lishgan

Qamal davomida Rossiya armiyasi amalda Mariupolni yakson etdi, aviatsiya shaharni bombardimon qildi, bomba tashlangan binolar orasida tug‘uruqxona hamda Mariupol ramzlaridan biri bo‘lgan, yuzlab tinch aholi vakillari yashiringan dramatik teatr binosi ham bor edi. Moskva bunday obektlarga hujumni har safar bu binolar «Azov» polki bazasiga aylantirilganini aytish bilan oqlashga harakat qildi.

O‘n minglab shaharliklarni ish bilan ta’minlab kelgan ikkita yirik korxona - «Azovstal» va Ilich nomidagi zavod ham vayron qilindi.

«Azovstal» himoyachilari faqat may oyi o‘rtalariga kelib o‘z pozitsiyalarini topshirish va taslim bo‘lishga rozi bo‘lishdi. 16 may kuni kechqurun Ukraina Bosh shtabi «Mariupol garnizoni o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani ado etganini, oliy qo‘mondonlik tomonidan «Azovstal»dagi bo‘linmalar komandirlariga shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolish bo‘yicha buyruq berilgani»ni ma’lum qildi. Ukraina rahbariyati «Azovstal» mudofaasida qatnashgan o‘z harbiylarini rossiyalik harbiy asirlarga almashishni mo‘ljallagan.