Bugun, 25 may oqshomida ko‘hna qit’ada muxlislar e’tibori joriy mavsum ilk marta tashkil etilgan turnir – Konferensiyalar ligasi finaliga qaratiladi. Albaniya poytaxti Tiranada o‘tkaziladigan hal qiluvchi bahsda Joze Mourino barcha yevrokuboklarda zafar quchgan ilk murabbiyga, Eldor Shomurodov esa yevrokubok finalida to‘p surgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylanishi mumkin.
Eldor yevrokubok finalida maydonga tushgan ilk o‘yinchiga aylanadimi?
O‘zbekistonlik futbolchilar orasida yevrokuboklarda to‘p surgan o‘yinchilar barmoq bilan sanarli. Mirjalol Qosimov yevrokubokda «Liverpul» darvozasini ishg‘ol etgan, Jasur Yaxshiboyev Chempionlar ligasida «Real» posboni Tibo Kurtuani ojiz qoldirgan, Maksim Shatskix Yevropa maydonlarida o‘z nomini ko‘p marta tabloda yozdirgan, Vitaliy Denisov esa TsSKA safida hal qiluvchi o‘yinlarda to‘p surmagan bo‘lsa-da, UYeFA kubogi g‘olibi sifatida qayd etiladi. Eldor Shomurodov esa o‘zbek futboli tarixida ilk marta yevrokubok finalida to‘p surgan ilk o‘yinchi, kubok sohibiga bo‘lgan ikkinchi futbolchiga aylanishi mumkin. U klubi bilan Albaniyaga yetib kelgan va so‘nggi bahsda asosiy tarkibda tushgani kabi bugungi finalda ham maydonga tushishga shay.

Kim qanday holatda?
Rim klubi Italiya A Seriyasini 6-o‘rinda yakunlab, Yevropa ligasiga yo‘llanma oldi. Joze Mourino shogirdlari joriy mavsumni kubok bilan yakunlash imkoniyatiga ega. Rimliklar barcha turnirlardagi oxirgi o‘yin 6 o‘yinda bor yo‘g‘i faqat ikki marta zafar quchgan bo‘lishsa-da, final yo‘llanmasi uchun kurashda «Lester» to‘sig‘idan o‘tib, hal qiluvchi uchrashuvga yetib kelishdi.

Arne Slot murabbiyligidagi «Feyyenoord» esa Niderlandiya chempionatini 3-o‘rinda yakunladi. Oxirgi 6 o‘yinda 3 g‘alaba qayd etgan Rotterdam klubi yarimfinalda «Marsel»ni ortda qoldirgan holda finalgacha yetib kelgan.
Mag‘lubiyatsiz «Feyyenoord»
Italiya va Niderlandiya jamoalari turnirdagi ishtirokini saralash bosqichidan boshlab, yakunda finalgacha yetib kelishdi.
Joze Mourino jamoasi Konferensiyalar Ligasi finaligacha ikki bor mag‘lub bo‘ldi. Qiziq tomoni, rimliklarni har ikki safar Norvegiyaning «Bude-Glimt» jamoasi taslim etdi. Niderlandiya jamoasi esa hal qiluvchi o‘yingacha mag‘lubiyatsiz yetib kelishni uddaladi.



















