Yozilgan ana shunday tabrik va maslahatlar orasida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevniki shov-shuvli chiqdi, turli bahs va mulohazalarga sabab bo‘ldi.

Deputat o‘z Telegram-kanalida, jumladan, bunday yozdi:

“Maktab bitiruvchilariga aytmoqchi bo‘lganim: imkon darajasida umringizni, tirikchilikni davlat xizmatchisi sifatida o‘tkazishga olib keladigan kasb tanlashdan yiroq bo‘lishga intiling, ilojsiz qolsangizgina davlat xizmatida ishlang.

Erkingizni, ichki potensialingizni ro‘yobga chiqarishga olib keladigan hayot yo‘lini tanlashga kuch topa oling, bu yo‘lda o‘zingizni chiniqtiring”.

Rasul Kusherbayevning bitiruvchilarga qarata aytgan ushbu tavsiyaci muloqot tarmoqlarining ko‘plab foydalanuvchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi qatorida, ayrimlarda e’tiroz ham uyg‘otdi.

Jumladan, adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova deputat fikrlariga qarshi chiqqanlardan biri bo‘ldi.

U Kusherbayev fikrlariga qarshi mana bularni yozdi:

Deputat Rasul Kusherbayev g‘alati gaplar aytibdi — bitiruvchilarga davlat xizmatida ishlamang, ilojsiz qolsangizgina bu sohani tanlang, deyapti.

Davlat xizmatchisi sifatida shaxsan menga bu og‘ir botdi. Yuz minglab davlat xizmatchilari xalqqa xizmat qilaman deb yuribdi. Nima, ular ilojsizlikdan, boshqa ish qilolmaganidan kelganmi? Yo potensialini ro‘yobga chiqarolmay, o‘zi istamagan ishni qilib qiynalib yuribdimi? Hammasi muttahammi, qulmi? Kim buni birma-bir so‘rab aniqlab, dalillab, isbotlab beradi?

Davlat xizmatidagilar xavfsizlikni ta’minlamayaptimi? Mudofaa qilmayaptimi? Blekaut bo‘lsa, 24 soatlab uyqusiz ishlamayaptimi? Suv toshsa, odamlarni qutqaraman deb cho‘kib ketmayaptimi, oilasi chirqirab qolmayaptimi?

Davlat xizmati — bu xalq xizmati degani, u yerga eng aqlli yoshlar kelishi lozim. Chunki bugun ko‘p muammolar bor, ularni hal qilishga malakali kadrlar kerak. Davlat xizmati sifat o‘sishi xalqqa foyda. Bu yerda malakasiz, bilimsiz, qo‘lidan ish kelmaydigan, noilojlikdan umrini o‘tkazadigan xodimlar ko‘payishi kimga foyda?