Shahar shovqini va havosidan zerikkan odamlar salqin va toza havosi bor maskanlarga yuguradi. Shunday joylardan biri – Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi, poytaxtdan 2 soatlik masofadagi Xo‘jakent o‘rmon xo‘jaligi hududi.


Toshkent shahridan 80 kilometrcha uzoqlikda joylashgan Xo‘jakentga odamlar yengil mashina yoki Toshkent–Xo‘jakent yo‘nalishidagi elektr poyezd bilan yetib olishadi.


Xo‘jakent ba’zi manbalarda Hojikent deb ham ataladi. Har yoz-kuz mavsumida turli hududlardan minglab dam oluvchilar bu yerga keladi.


Ana shu minglab odamlar dam olib ketishgach, Xo‘jakent qarovsiz qolgan chiqindixonaga aylanadi. Kelganlar o‘zlari bilan olib kelgan yegulik qadoqlarini tabiatga “sovg‘a qilib” ketishga odatlanishgan.



Chiqindilarning asosiy qismi – sellofan paketlar, bir marta foydalaniladigan idishlar va turli ichimlik idishlari.

























