Kun tartibidagi masalalar muhokama qilinayotgan bir vaqtda  KPRF fraksiyasi a’zosi Leonid Vasyukevich so‘z olgan va kutilmaganda Rossiya prezidentiga murojaatini o‘qib berishni boshlagan, unda Ukraina hududidan zudlik bilan qo‘shinlarni olib ketish talabi bayon etilgan. Uning chiqishidan parchalarni PrimaMedia nashri e’lon qildi.

«Yetimlar yanada ko‘p bo‘ladi»

Vl.ru nashri xabar berishicha, Vasyukevichning mikrofonini darhol uzib qo‘yishgan, ammo jurnalistlar uning so‘zlarini aniqlay olishgan: «Biz tushunib turibmizki, agar mamlakatimiz harbiy amaliyotni to‘xtatmasa, yetimlar yanada ko‘proq bo‘ladi. Harbiy amaliyot davomida odamlar nogiron bo‘lib qolishmoqda, bular mamlakatimizga katta foyda keltirishi mumkin bo‘lgan yoshlardir».

«Biz Rossiya Federatsiyasi qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqishni talab qilamiz», degan deputat.

Chiqishi so‘nggida Vasyukevich murojaatga imzo qo‘ygan to‘rt nafar deputatning familiyasini sanagan. Ulardan ikkisi - Natalya Kochugova va Aleksandr Sustov - darhol bu ishni qilmaganliklarini aytishgan.

Yana biri - Gennadiy Shulga esa nutq yakunida partiyadoshini olqishlagan.

Yig‘ilishda deputatlar qarshisida yillik hisobot bilan chiqish qilishi kerak bo‘lgan o‘lka gubernatori Oleg Kojyemyako esa Vasyukevich va Shulgani so‘z olish huquqidan mahrum etib, zaldan chiqarib yuborishni talab qilgan.

«Bu harakatlar Rossiya armiyasi va natsizmga qarshi kurashayotgan himoyachilarimizni obro‘sizlantiradi. Sotqin», deya Kojyemyakodan iqtibos keltiradi «Kommersant’» gazetasi.

Yakunda 45 deputatdan 25 nafari Vasyukevich va Shulgani yig‘ilishda ovoz berish huquqidan mahrum etishni yoqlab ovoz bergan.

Partiyaning reaksiyasi

Kommunistik partiyaning Primore qonun chiqaruvchi organidagi fraksiyasi yetakchisi Anatoliy Dolgachev hamkasblarini himoya qilmadi va ularning harakatini «mutlaqo demarsh» deb atadi.

«O‘ylaymanki, biz sizning harakatlaringizga siyosiy baho beramiz. Ayniqsa, partiya a’zosi bo‘lganlarga nisbatan eng qattiq choralarni ko‘ramiz. Siz bu kabi bayonotlaringiz bilan KPRF sha’nini yomonotliq qilmoqdasiz», degan u.

KPRF Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni qo‘llab-quvvatlagani bilan ma’lum. Shu yil yanvarida aynan kommunistlar prezidentga ushbu respublikalar mustaqilligini tan olishni so‘rab, murojaat qilgandi.