Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odil Tojiyev brifing o‘tkazib, komissiyaga kelib tushgan takliflar yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berdi. Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri unga jarayonga oid qator savollar bilan yuzlandi.
— Konstitutsiyaviy komissiyaning taklif to‘plash jarayoni qancha vaqt davom etadi va shuningdek, konstitutsiyada aks etishi uchun takliflar qanday talablarga javob berishi kerak? Yoki bu yerda hammasi komissiya istaklari, qarorlariga bog‘liqmi?
— Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini qonun loyihasi ishlab chiqilgunigacha davom ettiradi. Bu bir oy ham yoki undan ozgina oshishi ham mumkin. Bu endi fuqarolardan kelib tushayotgan takliflar hamda komissiya ishi samaradorligiga bog‘liq. Bu – birinchisi.
Ikkinchisi, “faoliyatini qanday amalga oshiryapti, takliflar bilan qanday ishlanyapti?” – savoli o‘rinli. Bu takliflar bizga maxsus platforma, ijtimoiy tarmoqlar, telegram bot yoki an’anaviy pochta orqali kelib tushmoqda. Bunda komissiya huzurida birinchi bo‘lib takliflarni qabul qilib olish va umumlashtirish guruhi tashkil etilgan. Bu guruh o‘sha takliflarni olib, umumlashtirib, hududlar va sohalar kesimida ajratib, keyin komissiyaga uzatadi. Bularning hammasi soatbay ishlaydigan guruhlar hisoblanadi.
Keyingi guruhimiz bu – takliflarni tahlil qilish guruhi. Takliflarni tahlil qilish guruhi taklifni Konstitutsiya moddalari, boblariga qanchalik mosligi va shunga yo‘naltirilganiga qarab, tahlil qilib chiqadi va shu tahlil qilingan ma’lumotlarni Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim qiladi.
Komissiya esa bularni muhokama qilib, qaysilari loyihaga qabul qilinadi yoki qaysilari boshqa qonunlarning predmeti shaklida taklif qilinishi bo‘yicha xulosaga keladi.

— Biz uchun eng qiziq nuqta ham shu yerda-da. Ular qaysi yo‘nalishlarga qarab tanlab olinadi yoki komissiya qaysi sohalarga qarab ularni o‘tkazish, o‘tkazmaslikni hal qiladi? Bu yerda hamma narsa komissiyaning ixtiyoriga berib qo‘yilganmi?
— Albatta, so‘nggi qarorni komissiya hal qiladi. Ya’ni qonun loyihasiga qaysi biri olindi yoki olinmaydi? Tahlil guruhimiz ekspert, yurist hamda olimlarimizdan iborat qilib tuzilgan. Ular qaysi taklifni Konstitutsiya darajasigacha olib chiqish xulosalarini beradi. Ya’ni Konstitutsiyaviy komissiyaga uzatadi. Qaysilari boshqa qonunlarimiz bilan tartibga solinishi yoki unga olinishi mumkinligini tahlil guruhi xulosa sifatida beradi.
















