«Rossiya neftining YeIga eksportini taqiqlash bo‘yicha kelishuv Rossiyadan neft importining uchdan ikki qismini qamrab oladi, bu uning harbiy mashinasining moliyalashtirilish manbasi keskin qisqarishini anglatadi. Bu urushni to‘xtatish maqsadida Rossiyaga maksimal bosim bo‘ladi», deya yozgan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel tvitterdagi sahifasida.

Aniqroq aytganda, dengiz orqali yetkazib beriladigan neft sanksiyalar ostiga tushgan. YeI hozircha «Drujba» quvuri orqali neft importini saqlab qolishga qaror qilgan, bu istisno ushbu quvur orqali neft import qiladigan Vengriya talabi bilan yuzaga kelgan. Aynan ushbu davlat so‘nggi oy davomida Rossiya mahsulotlariga to‘liq embargo qo‘yishga qattiq qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

Sharl Mishel yakuniy matbuot anjumanida Rossiyadan neft importi quruqlikdagi quvurlar orqali davom etishi haqidagi qaror vaqtincha murosa ekanini ma’lum qilgan. Vengriya va «Drujba» quvuri orqali neft import qiluvchi davlatlar kelgusida muqobil kanallarni topishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, kuniga qariyb 2,3 mln barrel Rossiya xomashyosi quvur va portlar orqali g‘arbga yo‘naltiriladi. Bu taqiqdan keyin Rossiya hukumati yiliga 10 mlrd dollargacha eksport daromadini yo‘qotadi.

Taqiq Rossiyani o‘z neftini Osiyoga chegirma bilan sotishga majbur qiladi, u yerda neft Brent fyucherslari narxidan (bir barrel uchun) 34 dollarga arzonroq.

Paket, shuningdek, neftni uchinchi mamlakatga tashish bilan bog‘liq sug‘urtani taqiqlashni taklif qiladi. Ammo bu chora-tadbirlar qabul qilinganidan so‘ng (olti oy o‘tgach) ilgari taklif qilingan uch oylikdan keyin kuchga kiradi.

YeI yetakchilari Rossiyaning yirik banki hisoblangan «Sberbank»ni SWIFT banklararo to‘lov tizimidan uzish va yana uchta Rossiya davlat telekanalining faoliyatini ittifoq hududida taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishgan.

«Sanksiyalarning bu paketi boshqa qat’iy choralarni ham o‘z ichiga oladi: Rossiyaning yirik «Sberbank»ini SWIFT’dan uzish, rossiyaliklarning yana uchta davlat telekanaliga taqiq qo‘yish va Ukrainadagi harbiy jinoyatlar uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarga sanksiyalar qo‘llash», deya yozgan u tvitterida.

Sanksiyalarning oltinchi paketi tashabbuskori bo‘lgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen dushanba kuni kechqurun Yevroittifoq yil oxiriga qadar Rossiyadan neft importining 90 foizidan voz kechishga umid qilayotganini bildirdi.

U shuningdek muzokaralar yakunlari bo‘yicha YeI Ukrainaga joriy likvidlik ehtiyojlarini qoplash uchun 9 mlrd yevro miqdorida yordam berish ustida ishlayotganini aytib o‘tdi.