Bu – o‘zbekistonlik tadbirkor Murod Nazarov va uning Nest One qurilish kompaniyasi atrofida so‘nggi vaqtlarda sodir bo‘lgan voqealar.
Kun.uz muxbiri tadbirkor bilan kompaniya atrofidagi ushbu voqealar, biznes, oila, O‘zbekistonda xavfi ortayotgan oligarxiya, korrupsiya, ishsizlik, soliq va boshqa mavzularda katta intervyu uyushtirdi.
— Murod aka, o‘zbekda bir odat bor. Qurilish qilayotgan kishinikiga “horma”ga o‘tiladi. Biz ham “horma”ga o‘z savollarimiz bilan kelaverdik. Xo‘sh, nima quryapsiz o‘zi?
— Nest One –“Murad Buildings” hamda Turkiyaning “O‘zguven” kompaniyasi hamkorligida qurilayotgan inshoot. Nest One O‘zbekistondagi eng baland, osmono‘par bino. U – nafaqat yurt, balki butun xalqimiz uchun o‘zgacha chaqiriq, oson bo‘lmagan chiroyli loyiha.
— Murod aka, siz bilan kompaniyangiz ishchilari maoshi kechikkani sababli norozilik namoyishiga chiqqan 17 may kuni gaplashgan edik. O‘shanda siz bu voqealarni kimdir uyushtirayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandingiz. Xo‘sh, chindan ishchilarni kimdir ko‘chaga olib chiqqanmikan yo taxmin o‘zini oqlamadimi?

— O‘sha kuni nima, qanday bo‘lganini o‘zimiz ham tushunmay qoldik. Bunday hodisa bo‘lishiga hayron ham qoldik. Shov-shuv bo‘lib ketgach, hududga o‘zim ham yetib keldim. Obektning yoniga kelgach, hammayoq tinchligini ko‘rib: “Nima uchun bunaqa shov-shuv qilyapsizlar?” dedim.
Ayrimlarning aytishi bo‘yicha, voqeadan ikki kun oldin tomning ustida qilgan oshimiz sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki bu jarayonga hamma mehmonlarni ham chaqirolmadik. Chunki bu hali bitmagan bino va uning ustiga hammani ham olib chiqishning imkoni yo‘q.
Shuning uchun bu shov-shuvni tarqatganlarga nisbatan: “Vahima qilmanglar oshga chaqirmagan bo‘lsam”, degan ma’noda gapirgan edim. O‘shanda siz bilan ham gaplashganimda, voqea nega yuz bergani va shov-shuv bo‘lib ketganini bildirgandim. Nima uchun xodimlar ko‘chaga namoyish qilib chiqishdi, bizda bunaqa muammolar avval yo‘q edi. Balki uyushtirilganmikan, deb shoshilinch aytib o‘tildi, lekin mana, 10 kunlik surishtiruv natijasidan bildikki, yo‘q, buni hech kim uyushtirmagan. Voqeaning obektiv sabablari bor.
Fikrimcha, bo‘lgan voqealardan faqat xulosa chiqarib, hushyorroq bo‘lishimiz kerak.




















