07:44 / 07.06.2022
7498

Respublika velosport maktab-internati tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Getty Images

Norma’ning yozishicha, maktab-internat o‘quvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil etadi. O‘quvchilarga olimpiya zaxiralari kollejlari o‘quvchilari uchun belgilangan sutkalik oziq-ovqat normasi tatbiq etiladi.

Respublika velosport mahorat maktab-internatiga velosport turlari bo‘yicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab har yili 5-sinfga qabul qilinadi.

Maktab-internatning asosiy vazifalari:

bolalar-o‘smirlar sport maktablari, sport klublari yoki boshqa sport-ta’lim tashkilotlarida sport tayyorgarligi o‘quv-mashq bosqichi birinchi yil tayyorgarligidan o‘tgan o‘quvchilar o‘rtasida tanlov asosida maktab-internatga tanlab olish;

respublika va xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sport zaxirasini terma jamoalar tarkibiga tayyorlash;

o‘quvchilarning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun zarur bo‘lgan mahorati va ko‘nikmalari rivojlantirilishini ta’minlash;

sport zaxirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, o‘quv-metodik, psixologik-pedagogik, mediko-biologik va moddiy-texnik shart-sharoitlarni ta’minlash.

Belgilanishicha, maktab-internat o‘quvchilarining ta’lim olishi maktab-internatga yaqin joyda joylashgan umumta’lim maktablarida tashkil etiladi.

Top