Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Namangan viloyati hokimligining Namangan shahrida Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Belgilanishicha, institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

Quyidagilar institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

xalqaro baholash dasturlaridan (PISA, TALIS, PIRLS) foydalangan holda o‘qitishning zamonaviy shakllari hamda metodlarini joriy etish, ushbu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

o‘z ta’lim dasturlarini xalqaro tan olingan tashkilotlar oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining dasturlari asosida shakllantirish;

chet tillarini o‘qitishning interfaol vositalarini ishlab chiqish va joriy etish hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida chet tillarini o‘rganishni ommaviylashtirishga ko‘maklashish;

ta’limni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, talabalarda sinxron, badiiy, ketma-ket hamda ilmiy-texnik tarjima ko‘nikmalarini shakllantirish;

chet tillar bo‘yicha mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish, axborot-resurs markazlarni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash hamda ularni muntazam yangilab borish;

institut ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;

ta’lim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish.

Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.