«DXR» hududiy mudofaa kuchlari bosh shtabi Donbassdagi yana bir muhim shahar hisoblangan Slavyansk uchun jang boshlanganini ma’lum qildi. O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika» kuchlariga ko‘ra, ular 231 ta aholi punkti, jumladan Svyatogorsk va Tatyanovka ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishgan. Ammo rossiyalik va ukrainalik harbiylar Slavyansk uchun janglar boshlangani haqida e’lon qilmagan. Amalda Donbass shimolida nimalar bo‘lmoqda?

Chorshanba kuni Oliy radaning sobiq deputati, 2014 yilda Rossiyaga qochib ketgan va Ukrainadan «Novorossiya»ni («LXR» va «DXR») ajratib olish harakati yetakchilaridan biriga aylangan Oleg Tsaryov Slavyansk qo‘lga olingach, Rossiya armiyasi Donbassda g‘alaba qozongani haqida aytish mumkinligini aytdi.

«Biznikilar Slavyanskka yaqinlashmoqda. Hammasi Slavyanskdan boshlangani bejiz emas. Slavyanskni egallab yoki o‘rab olib, bizning qo‘shinlar Donbassdagi butun guruhni qopqonga tushiradi. Agar bunga erishilsa, bu biz Donbassda g‘alabaga erishganimizni anglatadi», deya yozgan u tvitterda.
 
Donbassning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi internet foydalanuvchilari Tsarevning tvitiga bildirgan izohlarida «agar» so‘zidan norozi bo‘lishgan. «Oleg, «agar» emas, balki Qachon!!!» - deya javob yozgan uning tvitiga avatarida Z belgisi qo‘yilgan foydalanuvchi.

Hamma tezroq g‘alaba qozonilishini xohlashini bildirgan.

Slavyansk nimasi bilan muhim?

Donetsk oblasti shimolidagi taxminan 100 ming kishi yashovchi shahar 2014 yilda katta mashhurlikka erishgandi, o‘shanda FSBning (FXX) iste’fodagi polkovnigi Igor Girkin (u Strelkov nomi bilan ham tanilgan, Ukrainada uni harbiy jinoyatchi sifatida bilishadi, Niderlandiya prokuraturasi esa uni Malayziyaning «Boing» yo‘lovchi samolyoti urib tushirilishida aybdor deb biladi) ellik nafar atrofidagi jangchilari bilan Ukrainaga bostirib kirgandi.

Strelkov Slavyansk ma’muriyati binosini egallab olib, bu yerga o‘z shtabini joylashtirgan va shahar o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk xalq respublikasi» nazoratiga o‘tganini e’lon qilgandi.

Ikki yarim oy vaqt o‘tib Ukraina armiyasi hujumlari ostida Girkin va uning bu vaqt ichida mahalliy ayirmachilar bilan to‘ldirilgan otryadi shaharni tark etgan va Donetsk tomon chekingan.

Keyinchalik Girkin o‘z amaliyotini boshlayotganida kichik guruh bilan yirik shaharni egallay olmasligini tushungani, shu tufayli o‘rtacha kattalikda bo‘lgan Slavyansk shahrini tanlaganini aytgandi: «Bir tomondan, [shahar] yetarlicha ahamiyatga ega, boshqa tomondan biz bu yerda xalq hokimiyatini tezlik bilan o‘rnatishimiz mumkin edi. Xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hokimiyatni».