Rossiya mudofaa vazirligi «Azot»da boshpana topgan tinch aholi vakillarini evakuatsiya qilishni ham taklif etmoqda. «Buning uchun 15 iyun kuni Moskva vaqti bilan soat 08:00 dan soat 20:00 ga qadar shimoliy yo‘nalishda Svatovo shahri tomon gumanitar yo‘lak ochiladi», degan RF mudofaasini boshqarish milliy markazi boshlig‘i Mixail Mizinsev.

Severodonetsk uchun may oyi oxiridan buyon shiddatli janglar davom etmoqda, ukrain harbiylari qator qarshi hujumlar amalga oshirdi, ammo yakunda baribir chekinib, shahardagi «Azot» kimyoviy zavodida mudofaani egalladi. Zavod hududida ko‘plab tinch aholi vakillari ham yashiringan. Shahardan daryo g‘arb tomon chekinish mumkin bo‘lgan barcha ko‘priklar buzib tashlangan.

DW bilan suhbatda Ukraina mudofaa vazirligi maslahatchisi Yuriy Sakning aytishicha, gumanitar nuqtayi nazardan Severodonetskdagi vaziyat «juda va juda og‘ir» va bu vaziyat qamaldagi Mariupolni eslatadi.

«Ko‘cha janglari olib borilmoqda. Alohida joylarda Ukraina armiyasi qarshi hujum uyushtirmoqda, Ukraina qisqa muddat ichida kerakli og‘ir qurollarga ega bo‘lsa, bunday hujumlar yanada samaraliroq bo‘lishi mumkin», - degan Sak.

Dushanba kuni Shimoliy Don orqali o‘tgan, shaharni qo‘shni Lisichansk bilan bog‘lovchi so‘nggi ko‘prik ham yakson etilgani ma’lum bo‘ldi. Shaharni himoya qilayotgan ukrain harbiylari chekinishga va «Azot» zavodida o‘rnashishga majbur bo‘lgan, endi esa ular asosiy kuchlar bilan quruqlik orqali aloqani yo‘qotgan.

Ukrain harbiylari 2,5 oy davomida to‘liq qurshovda qolgan holda mudofaalangan va oxir-oqibat taslim bo‘lgan Mariupol va «Azovstal» bilan o‘xshashlik mavjud. Ammo Severodonetsk va «Azot» zavodi bilan bog‘liq vaziyatga ular qanchalik mos?

«Azovstal» va «Azot» uchun janglarning o‘xshashligi

«Azovstal» va «Azot» kabi yirik korxonalar - sovet sanoatining harbiy-yo‘naltirilgan merosi hisoblanadi. Ular avvalboshdan urush davrida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish, dushman yaqinlashganda esa mustahkamlangan istehkomga aylantirilishi mo‘ljallangan.

Ukraina armiyasi bundan allaqachon foydalandi. Sanoat hududida mudofaalanish bostirib kelayotgan qismlarni jiddiy darajada holdan toydiradi, muhimi raqibning katta kuchini o‘zi bilan ushlab turadi va bu orqali zaxiradagi kuchlarni tayyorlash va yangi mudofaa chizig‘ini egallash uchun vaqtdan yutiladi.