O‘zbekiston | 13:35 / 22.06.2022
16916
3 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga ishga ketish uchun 19 kishi boshqaning o‘rniga imtihonga kirishga uringani aniqlandi

Boshqa fuqaroga o‘z nomidan testda qatnashishiga ruxsat bergan shaxslar keyingi 3 yil davomida imtihonda qatnashish imkoniyatidan mahrum etiladi. Birovning joyidan testga kirishga uringan fuqaroni javobgarlikka tortish masalasini sud hal qiladi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolar uchun Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan EPS-Topik test imtihonlarida bir qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Kun.uz'ga ma’lum qildi.

“Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay, bugungi kunga qadar boshqa fuqaro o‘rniga testga kirish va testda qo‘shimcha vositalardan foydalanishga urinish bilan bog‘liq 23 ta holat aniqlangan. Jumladan, 19 ta holatda imtihonda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan shaxsning o‘rniga boshqa odam testga kirishga uringan bo‘lsa, 4 ta holatda imtihon topshiruvchilar telefondan foydalanishga harakat qilgan.

Aniqlangan barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha agentligimiz xodimlari tomonidan dalolatnomalar rasmiylashtirilgan”, deydi agentlik rahbarining matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov.

Qayd etilishicha, test imtihonlarini adolatli o‘tkazish uchun Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan hamkorlikda barcha texnik va tashkiliy choralar ko‘rilgan. Xususan, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan test o‘tkazish uchun maxsus planshetlar keltirilgan bo‘lib, ushbu planshetdagi test savollari ishtirokchi qiyofasi avtomatik tarzda aniqlangandan keyin ochilishi (Face ID) tizimi ham joriy etilgan.

“Imtihonga kirishdan oldin har bir fuqaro Face ID tizimi orqali tekshirilishi, bu yerda hech qanday aldov o‘tmasligi haqida yurtdoshlarimizni qayta-qayta ogohlantirishimizga qaramay, qoidabuzarliklar davom etayotganidan hayratdamiz.

Odamning qiyofasini avtomatik tarzda aniqlovchi planshetlar Koreyadan maxsus keltirilgan. Bularning hammasi imtihonlarning xolis, adolatli o‘tishi, inson omili aralashuvining oldini olish maqsadida joriy etilgan.

Fuqarolarimiz imtihon qoidalarini bu taxlit buzishda davom etaverishsa, bu o‘zbekistonlik ish izlovchilarga nisbatan koreyaliklarning ishonchi yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, test imtihoni qoidalarini buzgan fuqarolar 3 yil davomida ana shunday imtihonlarda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Shu bois Koreyada ishlash niyatida bo‘lgan yurtdoshlarimizdan imtihon jarayonida barcha tartib-qoidalarga rioya qilishlarini yana bir marta so‘rab qolamiz”, deydi Ortiqxo‘ja Norov.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreyada vaqtinchalik ishga borish istagidagi mehnat muhojirlarini saralash maqsadida o‘tkaziladigan EPS-Topik UBT test sinovlari 2 iyunda boshlangan bo‘lib, 15 iyulga qadar davom etadi.

Fuqarolik hamda xorijga chiqish pasportini olib kelmagan hamda belgilangan sana va vaqtidan kech qolgan fuqarolar test sinoviga kiritilmaydi.

Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati shartlariga ko‘ra, takror yoki qayta appelyatsiya EPS-Topik UBT test imtihonlari o‘tkazilmaydi.

Mavzuga oid