Qotillik sodir etilgan Andijon shahar O‘zbekiston mahallasi, Zafar ko‘chasida bo‘lganimizda aholi o‘z farzandlarini vahima va qo‘rquvdan ko‘chaga o‘ynagani ham chiqarmay qo‘yganini aytishdi.

Prokuratura ayni paytda jinoyat sodir etgani aniqlangan Yo.D. ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini boshlagan.

Aniqlanishicha, bu ayolning nomida bo‘lgan uyda 2022 yil aprel oyidan buyon qarindoshi (xolavachchasi), 2 nafar voyaga yetmagan farzandi (o‘g‘li 10 yosh, qizi 7 yosh) va buvisi bilan yashab kelishgan.

Ayol o‘z ko‘rsatmasida xolavachchasini oilasi buzilib ketishiga sababchi bo‘lganlikda ayblab, yuklarini o‘z uyiga olib kelmoqchi bo‘lganida xolavachchasi bunga qarshilik qilgani, unga uyni bo‘shatib qo‘yish haqida qo‘ygan talabini ham rad qilib kelayotganini bildirgan.

Shunda ayol xolavachchasidan qasd olish maqsadida uning uyda yo‘qligidan foydalanib 16 iyun kuni uyga kelib, xolavachchasining 2 nafar farzandini qasddan o‘ldirib, jasadlarini uyning ayvon qismiga, pol tagidagi yerto‘laga yashirgan.

Voqea qanday bo‘lgan?

Onaizor bolalarini yo‘qolib qoldi deya qo‘ni-qo‘shnilar bilan uch kun izlagan edi.

“Yolg‘iz ona bolalari bilan yashardi. Ro‘zg‘or, tirikchilik uchun ishlardi. Har kuni ko‘z oldimizda yurgan bolajonlar. “Bolalarim yo‘qolib qoldi” deb yugurib qoldi. Hamma izlashga tushdi. Qotillikda ayblanayotgan ayolni yaxshi tanirdik. Hech bunday ish qiladiganga o‘xshamasdi. Hamshira bo‘lgani uchun nevaralarimga ukol qilardi. Homilador edi. Uni bu darajada yovuzlik qilishi miyamga sig‘mayapti.

Bolalarning o‘ligi topilgan kuni onaning oh-u zori, dodini eshitib yuraklarimiz to‘kilib ketdi. Haligacha o‘zimizga kelmayapmiz”, – deydi mahalla fuqarolaridan biri Zuhra Matyoqubova.