Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Milliy gvardiya qoraqalpog‘istonliklardan favqulodda holat rejimi vaqtida asossiz ko‘chaga chiqmaslikni so‘radi
Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda huquqbuzarliklar sodir etgan bir qancha shaxslar qo‘lga olingan. Bu haqda 3 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiya Axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov ma’lum qildi.
Brifingda Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan favqulodda holat davrida hududning komendaturasi tomonidan amalga oshirilgan dastlabki ishlar haqida ma’lumot berildi.
«Barchangizga ma’lum, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida bir qancha odamlar ko‘chaga chiqishgani bo‘yicha xabarlar tarqalgan edi. Shu kunning o‘zida jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya va hamkor vazirliklar bo‘linmalarining kuch vositalari belgilangan tartibda safarbar qilindi va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi yuzasidan tushunchalar berildi.
Fuqarolar o‘rtasida provokatsion tashviqotlar tarqatgan va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan ayrim shaxslar qo‘lga olindi», degan Milliy gvardiya rasmiysi.
Ma’lum qilinishicha, kuni kecha prezident Jo‘qorg‘i Kengesga qilgan murojaatidan so‘ng, hududdagi vaziyat barqarorlashib, hayot o‘z maromiga qaytmoqda.
«Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat amal qilish davrida soat 21:00dan soat 7:00ga qadar komendantlik soati belgilandi va Milliy gvardiya qo‘mondoni, general mayor Rustam Jo‘rayev komendatura boshlig‘i etib tayinlandi hamda o‘z-o‘zidan Favqulodda holat to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunda nazarda tutilgan barcha vakolatlar yuklatildi.
Hudud komendantining buyrug‘i asosida kuch vositalari hamda tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi va joriy etilgan favqulodda holat rejimini ta’minlash nazoratga olindi.
Favqulodda holat rejimini ta’minlovchi davlat idoralarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun hudud komendanti rahbarligida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan tezkor shtabda aholiga turli masalalar bo‘yicha yordam ko‘rsatish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etildi.
Farmonda belgilangan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar ta’minlanmoqda. Xususan, jamoat tartibining o‘ta muhim va toifalangan obektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obektlarining muhofazasi kuchaytirildi», degan u.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi harakatlanish erkinligi, shu jumladan, transport vositalari uchun cheklovlar o‘rnatilgan. Jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tekshirilishi, ularning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va ulardagi ashyolar, transport vositalarining ko‘zdan kechirilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kirish va chiqish cheklangan. Yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turishi yoki tugatishiga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday ishlar taqiqlangan.
Yig‘ilishlar, ko‘ngilochar sport yoki boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlangan. Ushbu hududda qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va maxsus vositalar sotilishi taqiqlanib, jismoniy va yuridik shaxslardan qurol va o‘q-dorilar vaqtinchalik olib qo‘yilishi joriy qilingan.
Dori-darmon va alkogol mahsulotlarining muomalasi esa alohida tartibda joriy etilgan.
Favqulodda holat rejimida o‘rnatilgan barcha chora-tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi komendaturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, DXX, Bosh prokuratura, FVV hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunining 23-moddasiga muvofiq, Mudofaa vazirligining kuch vositalari qo‘shimcha ravishda jalb etilgan.
«Bu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning barchasi yurtimiz tinchligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisining osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonuniylik va huquq-tartibotini tiklashga qaratilgan.
Hurmatli yurtdoshlar, O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar degan qoidani amalda ta’minlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga zarur kuch vositalari safarbar qilingan va imkoniyatlar yetarli.
Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ig‘vogar shaxslar tomonidan boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan jamoat tartibsizliklari mobaynidagi turli ko‘rinishdagi eski foto va videolavhalar tarqatilmoqda. Bunday soxta ma’lumotlarga ishonmasligingizni, aniq hamda to‘g‘ri xabarlarga esa faqatgina rasmiy sahifalar orqali ega bo‘lishingizni eslatib o‘tamiz.
Shuningdek, hozirgi vaziyatda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yurtdoshlarimizni hamjihatlikka va oqilona ish tutishlariga, joriy etilgan favqulodda holat talablariga qat’iy rioya qilishlarini, asossiz ko‘chaga chiqmasliklarini iltimos qilib qolamiz. Turli g‘arazli tashviqot va harakatlarga berilmaslikka chaqiramiz.
Hurmatli yurtdoshlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida vaqtincha joriy qilingan favqulodda holat bilan bog‘liq turli masalalar yuzasidan Milliy gvardiyaning 1215 qisqa raqami orqali 24 soat davomida bog‘lanishingiz va kerakli ma’lumotlarni olishingiz mumkin. E’tiboringiz uchun rahmat», degan Davron Jumanazarov.
Mavzuga oid
10:25 / 01.07.2026
Sherzod Ibragimov Milliy gvardiya qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi
17:54 / 30.06.2026
Milliy gvardiya va Pentagon ikki yillik hamkorlik rejasini muhokama qildi
12:01 / 12.02.2026
Milliy gvardiyada ham bir guruh mulozimlar pensiyaga kuzatildi
15:23 / 28.01.2026