Shavkat Mirziyoyev: so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik
Oxirgi besh yil ichida hududning mahalliy budjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 80 mingdan ortiq oilaga moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan o‘tkazgan uchrashuvda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun qilingan ishlar haqida gapirdi.
«Hurmatli deputatlar va Qoraqalpog‘iston ahli!
Ma’lumki, keyingi yillarda biz sizlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdik. Ularning amaliy natijalarini ushbu diyorda yashayotgan har bir inson bugun o‘z hayotida his etmoqda.
Oxirgi besh yilda hududning mahalliy budjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, «temir daftar»ga kiritilgan
65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Birgina 2020 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi.
So‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sdi. O‘nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi obektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Jumladan, ko‘plab bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi.
Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi.
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo‘ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
15:15
Shavkat Mirziyoyev Yangihayotda barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘ldi
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
22:12 / 22.11.2024