«Tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor» - Prezident Nukusdagi namoyishlar oqibatlari haqida
1 iyul kuni Nukusda boshlangan namoyishlar hokimiyat talablariga qaramasdan 2 iyul kuni ham davom etgan. Bir necha guruh qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishgan. Namoyishlarda tinch aholi va huquq-tartibot organlari orasida qurbonlar bo‘lgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga murojaat qildi.
Prezident ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, O‘zbekistondagi vaziyatni beqarorlashtirish va izdan chiqarishga urinayotganini qayd etdi.
«Bugun men Vatanimizning taqdiri va kelajagiga, qutlug‘ zaminimizdagi tinchlik va barqarorlikka befarq bo‘lmagan barcha insonlarga murojaat qilmoqchiman.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan tashvishli voqealarni har birimiz, barcha O‘zbekiston fuqarolari yuragimizda chuqur dard va iztirob bilan qabul qilmoqdamiz.
Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, «inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani amalda qaror toptirishga qaratilgandir.
Fuqarolarning o‘z fikri va xohish-irodasini demokratik prinsiplar va huquqiy normalar asosida erkin bildirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, O‘zbekistondagi vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinmoqda.
Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof faoliyatga jalb etmoqda.
Ularning asosiy maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat», dedi Prezident.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-2 iyul kunlari Nukus shahridagi tartibsizliklar tafsilotlariga to‘xtalgan.
«Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Ular 2022 yil 2 iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni to‘xtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning ma’muriy markazidagi asosiy ko‘chalarda buzg‘unchi harakatlarni davom ettirdi.
Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.
Shahar bo‘ylab yurish davomida ular infratuzilma obektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yong‘inlar sodir etishdi. Bir necha guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.
Ushbu kimsalar son jihatiga ko‘ra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazishdi.
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor», degan davlat rahbari.
Mavzuga oid
20:47 / 12.11.2024
“Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz” - Shavkat Mirziyoyev
20:26 / 12.11.2024
Mirziyoyev: Yevropaga “yashil” energiya yetkazish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim imzolaymiz
17:29 / 12.11.2024
Mirziyoyev BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi
23:45 / 11.11.2024