O‘zbekiston | 13:00 / 05.07.2022
9832
2 daqiqa o‘qiladi

SSP: O‘zbekistonda LC Waikiki laboratoriyasi va akademiyasi tashkil etiladi

“LC Waikiki” brendi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda 2 mln dollar qiymatdagi to‘qimachilik laboratoriyasi hamda tarmoq uchun malakali mutaxassislar tayyorlaydigan akademiya ochishni rejalashtirmoqda.

Savdo-sanoat palatasi taklifiga ko‘ra, jahonning 54 mamlakatida 1100 do‘konni birlashtiruvchi yirik brend “LC Waikiki” vitse-prezidenti Yasemin Tamer boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘ldi. Delegatsiya yurtimizda o‘z laboratoriyasi va akademiyasini ochishni rejalashtirmoqda.

“LC Waikiki” vakillariga ko‘ra, kompaniya 2023 yilda O‘zbekiston korxonalariga kamida 35 mln dollarlik mahsulotga buyurtma berishni rejalashtirgan. Bu 1 oyda 1 mln, 1 yilda 12 mln dona tayyor kiyim-kechak degani. Bu mahsulotlarning barchasi trikotaj mahsulotlar hisoblanadi.

Ushbu brend yorlig‘i ostida har yili 600 mln dona mahsulot ishlab chiqariladi. Har daqiqada esa “LC Waikiki” brendiga tegishli 2000 dan ziyod mahsulot sotiladi. Brendning yillik tovar aylanmasi hajmi 2021 yilda 3 mlrd dollarga teng bo‘lgan, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 4 mlrd dollardan oshishi kutilyapti.

“LC Waikiki” brendi O‘zbekistonda bir nechta muhim yo‘nalishlardagi loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Dastlabki yo‘nalish – to‘qimachilik laboratoriyasini tashkil qilish masalasi bo‘lib, turk riteyleri bu borada katta tajribaga ega va qiymati 2 mln dollarga baholanayotgan laboratoriya Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Qolaversa, “LC Waikiki” O‘zbekistonda tarmoq uchun malakali mutaxassislarni tayyorlaydigan akademiya ochishni rejalashtirgan.

Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar har ikki yo‘nalishdagi loyihalarni tez orada realizatsiya qilishga kelishib olishdi.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid