O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan OAVda tarqalayotgan asossiz ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi.
Alohida ommaviy axborot vositalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar nomi tilga olinmayotgan manbalarga asoslanib Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar haqida turli xil taxminlar va ishonchsiz ma’lumotlarni bo‘rttirib ko‘rsatmoqda.
«Tinch mitingni tarqatish» uchun kuchlardan noqonuniy foydalanganlik, jumladan, favqulodda holat e’lon qilish yo‘li bilan «mustaqil ovozlarni bo‘g‘ish va axborotni cheklash» haqida asossiz bayonotlar yangramoqda.
Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar yuzasidan oydinlik kiritish, atroflicha va xolis axborot taqdim etishni istaydi.
2022 yilning 1–2 iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumi, hududiy yaxlitligi va birligini vayron qilishga urinish sodir bo‘ldi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha omma e’tiboriga havola etilgan takliflarga norozilik bildirish bahonasida g‘araz niyatdagi shaxslar tomonidan zo‘ravonlik aksiyalari, to‘qnashuvlar va davlat hokimiyati organlari binosini egallashga urinishlar tashkillashtirilgan.
Bu qonunga zid harakatlar separatizmni alangalatish, tinch, birdam va demokratik mamlakatni bo‘lib tashlash va beqarorlikka giriftor qilishga yo‘naltirilgan, avvaldan rejalashtirilgan yaqqol qo‘poruvchilik belgilariga ega edi.
Populistik shiorlarni qalqon qilib, mobil aloqa va internet orqali feyk axborotlarni tarqatib dushmanona kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni ommaviy ravishda aksilkonstititsion faoliyatga jalb qilishga urinib ko‘rishdi. Bu internet aloqasini vaqtinchalik cheklash bo‘yicha choralarni qo‘llashga majbur qildi.
Ommaviy tartibsizlik va buzg‘unchilik davomida Jo‘qorg‘i Kenges — parlament binosi, Nukus shahri IIB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini shturm qilish, o‘qotar qurollarni egallash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini garovga olishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan, turli joylarda o‘t qo‘yish, davlat, jamoat va xususiy mulklarni buzish va yo‘q qilish amalga oshirilgan, shahar infratuzilmasiga katta ziyon yetkazilgan.
Bundan tashqari, hujumlar natijasida huquq-tartibot organlarining 107 nafar xodimiga jiddiy tan jarohatlari yetkazilgan, ularning 23 nafari og‘ir ahvoldaligicha qolmoqda. Umumiy hisobda davlat organlarining 270 nafar xodimlari turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan.

















