Politsiya Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening o‘ldirilishi sabablarini aytdi
Nara shahrida yashovchi 41 yoshli Tetsuya Yamagami diniy tariqat vakillaridan o‘ch olish uchun Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abeni o‘ldirdi.
Bu haqda politsiyadagi manbalarga tayanib Kyodo xabar bermoqda.
Avvalroq, qotillikda gumonlanuvchi shaxs Abe siyosatidan norozi ekani aytilgan edi.
Qayd qilinishicha, Tetsuya Yamagamining onasi diniy tariqat guruhiga katta miqdorda pul o‘tkazgan. Bu esa o‘g‘liga yoqmagan. Qasos sifatida u dastlab tariqat yetakchisini yo‘q qilishga tayyorlangan. Biroq, keyinchalik ushbu diniy uyushmani go‘yo mamlakatda targ‘ib qilgan Sindzo Abeni o‘ldirishga qaror qilgan. Ushbu versiyani tergov organlaridagi manbalarga tayangan holda Kyodo nashri keltirmoqda.
AP xabariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs politsiyaning savollariga xotirjam javob bergan. Shuningdek, agentlik Yamagami sobiq bosh vazirning qandaydir tashkilot bilan aloqasi borligiga ishongani uchun suiqasdni rejalashtirganini ta’kidlaydi. Bu qanday tashkilot ekani haqida politsiya ma’lumot bermagan.
Yamagami Abe gapirgan joyga bir necha marta borgan. U yapon siyosatchisini qo‘lbola quroldan o‘qqa tutgan. Gumonlanuvchi sobiq harbiy bo‘lib, 2005 yilgacha Yaponiya dengiz mudofaa kuchlarida xizmat qilgan.
Dastlab, qotillik siyosat tufayli sodir bo‘lgan, Tetsuya Yamagami Sindzo Abening avvalgi qarorlari va hozirgi faoliyatidan norozi ekani taxmin qilingandi.
OAV va mulozimlar diniy tariqat nomi haqida xabar bermayapti. Biroq, Abening Nippon Kaigi tashkilotiga a’zo bo‘lgani ma’lum. Vikipediya uni «eng katta, o‘ng g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi, ultrakonservativ, ultramillatchi va reaksion nodavlat tashkiloti» deb ataydi.
Daily Beast tabloidining yozishicha, Nippon Kaigi – sintoizmni targ‘ib qiluvchi, o‘ta o‘ng g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi tashkilot bo‘lib, ko‘plab nufuzli yaponiyaliklar unga a’zo.
Mavzuga oid
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
18:48 / 14.11.2024
Subaru kosmik teleskopi noyob halqasimon galaktikani aniqladi
21:18 / 13.11.2024
Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi
19:55 / 11.11.2024