Jahon | 14:55 / 15.07.2022
8772
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lanka parlamenti prezident iste’fosini qabul qildi

Shri-Lankaning yangi prezidenti 20 iyul kuni saylanadi, ungacha davlat rahbari vazifasini mamlakat bosh vaziri bajaradi.

Mahinda Yapa Abeyvardena / Foto: Picture Alliance

Shri-Lanka parlamenti mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida avvalroq tegishli ariza topshirgan prezident Gotabay Rajapaksaning iste’fosini qabul qildi. Bu haqda 15 iyul, juma kuni parlament spikeri Mahinda Yapa Abeyvardena ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Rajapaksaning vorisi yaqin kelajakda davlat rahbari etib saylanishi kerak. Parlament nomzodlarni 19 iyulda taklif qiladi, ovoz berish esa 20 iyulda bo‘lib o‘tadi, deya spiker so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda News First mahalliy nashri. Qonunga ko‘ra, agar prezident lavozimi bo‘shab qolsa, unga deputatlardan biri saylanadi, u keyingi saylovga qadar qolgan muddatda, bu holda, 2024 yilning noyabrigacha lavozimda qoladi, deb tushuntiradi nashr.

Avvalroq bosh vazir Ranil Vikramasingxe rasman prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U bu lavozimni hafta o‘rtasida, Gotabaya Rajapaksa 13 iyulga o‘tar kechasi mamlakatni tark etganidan so‘ng egallagan. 

Shri-Lanka 1948 yilda mustaqillikka erishganidan beri eng yomon iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda oziq-ovqat, dori-darmon va yonilg‘i taqchilligi kuzatilyapti, inflatsiya 54,6 foiz darajasiga yetdi, mamlakatning tashqi qarzi esa 51 milliard dollarni tashkil qilmoqda. 

9 iyul kuni namoyishchilar mamlakatning eng yirik shahri Kolombodagi prezident saroyiga bostirib kirib, bosh vazir Vikramasingxening shaxsiy qarorgohiga o‘t qo‘yishi ortidan siyosiy vaziyat keskinlashdi. Shundan so‘ng Shri-Lanka hukumati mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi va komendantlik soati joriy qildi. 

Mavzuga oid