O‘zbekiston | 14:29 / 16.07.2022
6655
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya bugundan faoliyatini boshladi

Foto: Getty Images

Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan parlament komissiyasi bugundan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) matbuot xizmati ma’lum qildi.

«Komissiya a’zolari 2022 yilning 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holatlarni joyiga chiqqan holda o‘rganish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzish bilan bog‘liq holatlarni aniqlash maqsadida Qoraqalpog‘istonda ish boshlashi ma’lum qilinadi.

O‘tkazilgan tekshiruv natijalari e’lon qilinadi va O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi», - deyiladi rasmiy bayonotda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha tuzilgan komissiya tarkibi ham tasdiqlandi. Komissiyaga 14 nafar shaxs kiritilgan bo‘lib, ularning orasida Qonunchilik palatasi deputatlari Alisher Qodirov, Bobur Bekmurodov, Shveytsariyaning «Markaziy Osiyo assotsiatsiyasi» direktori Gulnoz Mamarasulova, shuningdek, bir qancha Qoraqalpog‘istonlik faollar va senatorlar kiritilgan.

Komissiyaga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilmoqda.

Komissiya a’zosi deputat Alisher Qodirov esa qonun ustuvorligini ta’minlash jarayonlari va shu kabi masalalarga xolis javob izlashini aytgan.

«Bugundan Nukusda ish boshlaymiz. Aslida nima bo‘ldi, qanday bo‘ldi va nima uchun bo‘ldi? Qonun ustuvorligini ta’minlash jarayonida inson huquqlari buzilmaganmi? Savollarga xolis va batafsil javoblar izlaymiz. Natijalar haqida Oliy Majlisga va dunyo hamjamiyatiga ma’lum qilinadi», - deb yozgan Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirishga oid qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Loyihaga kiritilgan Qoraqalpog‘istonga oid takliflar qoraqalpoq jamoatchiligida turlicha qarshi olindi. 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida ommaviy namoyish va tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Buning natijasida rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra 18 kishi, xususan 4 nafar harbiy halok bo‘ldi, 243 kishi (shu jumladan 38 nafar huquq organi xodimi) jarohatlandi.

Bu voqealardan keyin Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga oid bandlari o‘zgarishsiz qoldiriladigan bo‘ldi. Holat yuzasidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tartibsizliklarning barcha ishtirokchilari, xususan kuch tuzilmalarining ham xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berishga topshiriq bergan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid