18:12 / 16.07.2022
20535

SES Afg‘onistonda vabo tarqalishi munosabati bilan qo‘shni davlatlardan kelayotganlar nazoratini kuchaytirdi

Turli ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonning ikki viloyatida bir kunda 40 ga yaqin odam vabodan vafot etgani haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan hech qanday rasmiy xabar berilmagan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Sanepidxizmati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, vabo – vibrio cholerae mikroorganizmi keltirib chiqaradigan, o‘tkir infeksiya. Kasallik diareya bilan kechadi, bu suvsizlanish va qon tomirlari yetishmovchiligini keltiradi. Ko‘pincha infeksiya ifloslangan suv yoki dengiz mahsulotlari orqali yuqadi.

Ma’lum qilinishicha, Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan keng doirada olib borilayotgan tadbirlar aholi sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga yo‘naltirilgan. 

Respublika bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi samarali tadbirlar natijasida o‘lat, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi kabi o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, jumladan vaboning respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Qayd etilishicha, respublikada vabo kasalligi tarqalishi va kelib chiqishi oldini olish yuzasidan qator choralar ko‘rilmoqda.

Kasalliklar chetdan kirib kelishi oldini olish maqsadida, respublika bo‘yicha davlat chegaralari kesishish joylarida 54 ta sanitariya–karantin punktlari (SKP) faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, shulardan 36 tasi avtomagistral yo‘llarida, 11 tasi xalqaro aeroportlarida, 6 tasi temiryo‘l va 1 tasi daryo portida tashkil etilgan.

O‘zbekistonga chegaradan kirib kelayotgan yo‘lovchilar tibbiy–sanitariya ko‘rigini yaxshilash maqsadida, barcha xalqaro aeroportlar va avtomagistral yo‘llarda joylashgan yo‘lovchi o‘tish oqimi yuqori bo‘lgan SKPlar zamonaviy teplovizorlar va kontaksiz termometr (pirometr)lar bilan yetarlicha ta’minlangan. 

Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, oral-regidratatsiya punktlarida o‘tkir diareyaga chalingan bemorlarning sog‘liqni saqlash vaziri amaldagi buyruqlari talablari asosida vaboga tekshirilishi tashkil etilgan. 

“Kasallik mavsumida har qanday bemorlar yuzasidan chuqur epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda. Sanitariya-epidemiologiya xizmati maxsus laboratoriyalari vabo kasalligi tashxisi bo‘yicha kerakli jihozlar, reaktivlar va ozuqa muhitlari bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.

Laboratoriya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. Kasallik mavsumida har hafta ochiq suv havzalaridan namunalar olinib, vabo chaqiruvchilariga tekshirilishi amalga oshirib kelinmoqda (NAG va AG vibrionlarga). Kasallikka chalingan (gumon qilingan) bemorlarni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizish maqsadida shifo-o‘rinlari zaxirasi tashkil etilgan”, deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, davlat chegara-bojxona postlaridagi sanitariya-karantin punktlari tomonidan kasallanish tarqalgan qo‘shni davlatlardan tashrif buyuradigan fuqarolar tibbiy nazorati kuchaytirildi. 

Mavzuga oid
Top