Shimoliy osetiyalik opera xonandasi Vadim Cheldiyev 2020 yil aprel oyida Vladikavkazda bo‘lib o‘tgan «o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish rejimi»ga qarshi norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda ayblanib, 10 yilga qamaldi. Bu haqda 19 iyul, seshanba kuni «Agora» xalqaro inson huquqlari guruhi rahbari Pavel Chikov xabar berdi. Unga ko‘ra, Rostov oblasti sudi ushbu harakatlarning yana ikki «tashkilotchisi»: Ramis Chirkinovga 8 yil va Arsen Besolovga 8 yarim yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.
Chikovning sud zalida bo‘lgan advokat Andrey Sabinindan iqtibos keltirishicha, barcha ayblanuvchilar norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda aybdor deb topilgan.
2020 yil 20 aprelda Shimoliy Osetiya poytaxtida koronavirus chora-tadbirlariga qarshi namoyishga yig‘ilganlar siyosiy talablarni ilgari sura boshlagan: hukumat va respublika rahbari Vyacheslav Bitarovni iste’foga chiqarish, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish va Sankt-Peterburgda koronavirus haqida feyklar tarqatgani uchun hibsga olingan faol va opera xonandasi Vadim Cheldiyevni ozod qilish. Cheldiyev o‘z Telegram-kanalida Vladikavkazda koronavirus cheklovlariga qarshi yig‘ilish o‘tkazilishi haqidagi xabarni e’lon qilgan.
Namoyishchilar va Moskvadan kelgan Rosgvardiya xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar sababli RTQ milliy gvardiyachilar va politsiyachilarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash hamda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq bezorilik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Keyinchalik bezorilik ishi ommaviy tartibsizliklar uyushtirish toifasiga aylantirilib, unga ekstremistik faoliyatga chaqirish ayblovi qo‘shildi. Faqat Cheldiyevga nisbatan zo‘ravonlik aybi qo‘yilgan, u Sankt-Peterburgdan Vladikavkazga olib ketilayotganda politsiya mashinasida qarshilik ko‘rsatgan.
Cheldiyevga nisbatan feyklarni tarqatish bo‘yicha ish da’vo muddati o‘tgani sababli tugatildi.
20 aprel kuni 2000 dan ortiq odam ishtirok etgan norozilik namoyishida 100 dan ortiq ishtirokchi hibsga olingan, ulardan 65 nafari ikki kundan 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olingan. 20 dan ortig‘i jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylandi, kamida o‘n kishiga 6 yarim yilgacha bo‘lgan haqiqiy muddatlar berildi.
















