Boris Jonsonning iste’fosidan keyin Konservativlar partiyasida yetakchilik uchun kurash davom etmoqda — partiyaning yangi rahbari Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziriga aylanadi. Ayni vaqtda kurash hal qiluvchi bosqichga kirmoqda.

7 iyul kuni Boris Jonson o‘z iste’fosini e’lon qilgach (u bosh vazirlikdagi o‘rinbosari aniqlanguniga qadar lavozimda qoladi), Buyuk Britaniya Konservativ partiyasida partiya rahbarligi uchun kurash boshlandi. G‘olib nafaqat partiyani, balki mamlakatni ham boshqaradi — kamida keyingi umummilliy saylovlargacha. Partiya raisligi uchun amaldagi bosh vazir tarafdorlari ham, Jonsonning tarafdorlari sotqin deb biladiganlar ham kurash olib borishdi. Poyga boshidan buyon endi qirollikning sobiq moliya vaziriga aylangan Rishi Sunak yetakchilik qilib keldi: uning iyun oyidagi iste’fosi hukumat inqirozini yuzaga keltirgan, yakunda bu Jonsonning iste’fosiga olib kelgandi. Sunakka oxirgi turda ikki ayol nomzod raqobat qildi — sobiq mudofaa vaziri Penni Mordont va amaldagi tashqi ishlar vaziri Liz Trass.

So‘nggi turda Rishi Sunak 137 ovoz oldi, Liz Trass - 113. Shu bilan birga, Sunakning natijasi o‘tgan turdagiga qaraganda 19 punktga, Trass xonimniki esa 27 punktga yaxshilangan. Tereza Mey hukumatida Birlashgan qirollik tarixida ilk mudofaa vaziri bo‘lgan Penni Mordont 105 ovoz bilan uchinchi o‘rinda qolib ketdi - u oxirgi turda Trassdan 8 ta kam ovoz oldi (uning ovozlari soni oxirgi turda 13 taga oshgan). Holbuki, to‘rtinchi turdan keyin Sunak 118 ovoz bilan birinchi, Mordont 92 ovoz bilan ikkinchi, Trass 86 ovoz bilan uchinchi bo‘lib turgandi.

Liz Trass partiyadoshlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan va «birinchi kundanoq ishga kirishga tayyorligi»ni ta’kidladi.

Penni Mordont «biz birgalikda olg‘a harakatlanamiz» dedi. «G‘alaba yaqin edi, afsuski, Penni yutqazib qo‘ydi. Endi Liz Trass uchun ovoz beraman. U oxirigacha Boris Jonsonga sadoqatli bo‘lib qoldi va uning oyog‘idan chalishga harakat qilmadi», deya yozdi Mordontni qo‘llab-quvvatlab kelgan Maykl Fabrikant.

Britaniya hukumatining keyingi rahbari nomi hukmron Konservativ partiyaning barcha a’zolari o‘rtasida o‘tkaziladigan ovoz berish jarayonidan keyin ma’lum bo‘ladi, natijalar 5 sentabr kuni e’lon qilinadi.

Yelizabet Trass boshqa nomzodlarga qaraganda katta siyosiy tajribaga ega deb qaralardi, u boshqa vazirlik lavozimlarida ham ishlagan. O‘z navbatida, Penni Mordont hukumatda Rishi Sunakdan ko‘ra ko‘p vaqt davomida bo‘lgan.

Chorshanba tongida, parlamentda ovoz berish jarayonining so‘nggi turi arafasida bukmekerlar Trassning imkoniyatini yuqoriroq baholashayotgandi.