“Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni Adiba Tojimirzayeva 2007 yilda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Adiba yaqinda Toshkent shahridagi prezident maktabining 8-sinfini tamomladi. U Harvardda o‘qishni, keyin O‘zbekiston tibbiyotiga robotlar va yuqori texnologiyalarni olib kirishni xohlaydi.

“IELTS'dan 8 oldim, lekin undan yuqorirog‘ini kutgandim”

— Onam – ingliz tili o‘qituvchisi. Shuning uchun ham bolalikdan uyimizda til o‘rganish muhiti bo‘lgan. Ingliz tili ikkinchi ona tilimga aylangan desam ham bo‘ladi. 5 yoshimdan shu til ichidaman. Harf taniganimdan beri shu tilda kitoblar o‘qiyman va ularning ma’nosini ingliz tilida onamga gapirib beraman. Til o‘rganish uchun birinchi navbatda kitob o‘qish kerak.

Badiiy kitoblar o‘qish orqali tilni his qilib, matndan so‘z ma’nolarini tushunish osonlashadi, o‘sha til so‘zlari, grammatikasi, gap qurilishlari ham o‘z-o‘zidan miyaga muhrlanib qolarkan. Shuning uchun ham IELTS imtihonidan ballim 8 chiqqan bo‘lsa kerak. Lekin bu balldan yuqorirog‘ini kutgandim.

“Onam qobiliyatimni sinash uchun turli to‘garaklarga bergan”

— Onam bizni qaysi sohada qobiliyatimiz borligini sinash uchun ko‘p to‘garaklarga berib ko‘rgan. Masalan, men suzish, tennis, raqsga qatnaganman. Tennis bo‘yicha respublika turnirida ikkinchi, suzishda esa birinchi o‘rinni egallaganman. Qo‘l urgan yo‘nalishlarimda muvaffaqiyatga erishganman, lekin tibbiyot sohasiga boshqacha qiziqaman.

Prezident maktabida 6-sinfdan o‘qiy boshlagan bo‘lsam, u yerda koreys tili o‘qituvchisidan koreys tilini ham o‘rgandim. Ungacha uyda opam va onamdan rus tilini, Namanganda nemis tili kursiga qatnab, nemis tilini o‘rgangandim. Bu tillarni tushunish va gaplasha olish darajasida bilaman.

Xalqaro fan olimpiadalardagi ishtiroki

— Ilk marta matematikadan 5-sinfda o‘qiganimda xalqaro olimpiadaga qatnashganman va oltin medal olganman. Shundan keyin qiziqishim ortib, boshqa fanlardan ham fan olimpiadalarida ishtirok eta boshladim. Hozirgacha ingliz tili, matematika, kimyo, fizika va biologiya fanlari bo‘yicha 25ta olimpiadaga qatnashganman va ularning hammasidan o‘rin oldim. AMO (American Mathematics Olympiad), ESB (Eurasian Spelling Bee), WWC (Writing World Cup), OTEC (Online Typing English Competition) kabilardan oltin medal berishgan.