Sport | 12:21 / 23.07.2022
13816
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi birorta gol o‘tkazmasdan ayollar o‘rtasidagi xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi

Terma jamoa sardori Nilufar Qudratova turnirning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Shuningdek, u beshta goli bilan musobaqa to‘purariga aylandi.

Foto: Tojikiston futbol federatsiyasi

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Markaziy Osiyo futbol uyushmalari (CAFA) chempionati g‘olibi bo‘ldi. Hal qiluvchi bahsda hamyurtlarimiz Eron ayollar terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratishdi. Uchrashuvdagi yagona gol o‘yin tugashiga besh daqiqa qolganda Maftuna Shoyimova tomonidan kiritildi.

Shu tariqa O‘zbekiston oltin, Eron kumush medal sohibi bo‘ldi. Bronza medali esa turkmanistonlik ayol futbolchilardan ustun kelgan Qirg‘iziston terma jamoasiga nasib etdi. Musobaqaga mezbonlik qilgan tojikistonliklar so‘nggi o‘rindan joy olishdi.

Markaziy Osiyo futbol uyushmalari chempionati 8-20 iyul kunlari bo‘lib o‘tdi. Musobaqa reglamentiga ko‘ra beshta mamlakat jamoalari bir doira tizimida o‘zaro bir-birlariga qarshi to‘p surishadi. G‘olib to‘plangan ochkolar soni (ochkolar teng kelib qolganda to‘plar nisbatiga qaraladi) bo‘yicha aniqlanadi.

Chempionat davomida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi – 12, Eron – 9, Qirg‘iziston 4, Turkmaniston 2, Tojikiston 1 ochko jamg‘ardi.

Musobaqaning Fair Play sovrini eronlik sportchilarga taqdim etildi. Turkmaniston termasi turnirning maxsus sovrini bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi sardori Nilufar Qudratova xalqaro musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Shuningdek, u beshta goli bilan chempionat to‘purariga aylandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston termasi turnir davomida o‘z darvozasidan birorta ham to‘p olib chiqmadi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Eron (1:0), Turkmaniston (6:0), Qirg‘iziston (7:0) va Tojikiston (6:0) terma jamoalaridan ustun kelishdi. To‘plar nisbati – 20:0.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda O‘zbekiston ayollar olimpiya terma jamoasi, 2021 yilda esa 20 hamda 17 yoshgacha bo‘lgan qizlarimiz CAFA turnir g‘olibi bo‘lgandi.

Mavzuga oid