O‘zbekiston | 00:54 / 27.07.2022
17219
2 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov: “So‘z erkinligi va ochiqlik siyosati yanada yuqori darajaga chiqadi”

“Barcha bloger va jurnalistlarni yanada faollikka, o‘z ustilarida ishlab xolis axborot tarqatishda davom etishga chaqirib qolaman”, – dedi Prezident administratsiyasiga qaytgan Komil Allamjonov. U barcha bizneslarini boshqa egalariga topshirishini aytdi: “Men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman va qolganlarga ham shuni maslahat beraman”.

Videodan kadr

26 iyulda Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Komil Allamjonov shu kuni tayinlov yuzasidan bayonot berdi.

“Davlatimiz rahbariga o‘zimga bildirilgan ishonch uchun tashakkur bildirgan holda men buni birinchi navbatda juda katta mas’uliyat deb bilishimni alohida ta’kidlashni istardim”, – dedi u.

Allamjonov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi lavozimidagi faoliyatini yakunlagani, fondga tez orada yangi rais tayinlanishini ma’lum qildi.

Davlat xizmatchisiga aylangan Allamjonov o‘z bizneslaridan ham ketishini aytdi.

“Bugundan boshlab men barcha biznes loyihalarimni, kompaniyalarimni ham boshqa egalariga topshiraman. Bugundan boshlab men biznesmen emasman. Chunki men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman va qolganlarga ham shuni maslahat beraman”, – dedi Prezident administratsiyasi rahbarining yangi o‘rinbosari.

Media-funksioner O‘zbekistonda so‘z erkinligi darajasi oshishini ta’kidladi.

“Fondimizga tez kunlarda yangi rais tayinlanadi. Va o‘ylaymanki, so‘z erkinligi va ochiqlik siyosati yanada yuqori darajaga ko‘tariladi. Chunki davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, bu islohotlar faqat oldinga yuradi, ortga qaytmaydi.

Shuning uchun ham men barcha bloger va jurnalistlarni yanada faollikka, o‘z ustilarida ishlab xolis axborot tarqatishda davom etishga chaqirib qolaman”, – dedi Komil Allamjonov.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid