«Chempionat» nashri kolumnisti Dmitriy Zimin o‘zbekistonlik hujumchining «Roma»dagi istiqbolini tahlil qildi.

2019 yilda Joze Mourino Osiyo Kubogini TV orqali sharhlash uchun taklif qilingandi. «Manchester Yunayted»ni endigina tark etgan murabbiy ishtiyoq bilan yangi loyihaga kirishadi. O‘shanda u ilk marta Eldor Shomurodovning o‘yinini ko‘rdi.

Biroz vaqt o‘tgach, shaxsiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uni futbolchining agenti German Tkachenko tashkil qildi. Shunda Eldor portugaliyalik mutaxassis nafaqat o‘zini, balki statistikasini ham yaxshi bilishidan hayratda qoldi. Esdalik sifatida birga suratga tushishdi. Shomurodov xursand edi, chunki u bolaligidan Jozening «Chelsi» klubiga muxlis edi.

Bir-ikki yildan keyin bu yoqimtoy odam hujumchini bosh murabbiy sifatida tanqid qiladi, deb kim o‘ylabdi deysiz. Corriere Dello Sport nashriga ko‘ra, Mourino «Roma» rahbariyatiga yangi mavsumda Eldorni jamoada ko‘rmayotganini ma’lum qilgan. Nashr xabariga ko‘ra, «Roma» hujumchidan qutulmoqchi, chunki Eldor mavsumlar oralig‘ida murabbiyda yaxshi taassurot qoldira olmagan. Avvaliga klub yomon mavsumdan keyin futbolchiga imkoniyat bermoqchi edi. Ammo, aftidan, u bu ishonchni oqlamadi. Nashrning yozishicha, Eldorda A Seriyaning boshqa klublaridan variantlar bor. Biroq qiziqishlar u qadar ko‘p emas.

Ehtimoliy ketish uchun muhim sabab – Paulo Dibalaning taklif etilishi. Argentinalik futbolchi «Yuventus»ni tekinga tark etgach, «Roma»ni tanlashini ko‘pchilik kutmagandi. Lekin uning tanlovida Mourino katta rol o‘ynagandek ko‘rinmoqda. U shaxsan Dibalaga qo‘ng‘iroq qilib, yangi mavsumdagi katta vazifalar va ambitsiyalar haqida gapirgan. Va u aynan argentinalik forvard atrofida jamoa qurishni va’da qilgan.

Asoslar ish berdi, yaxshi maosh esa qo‘shimcha rag‘batga aylandi. Umuman olganda, «Roma» yozgi transfer kampaniyasini juda zo‘r o‘tkazmoqda. Klub Jozening deyarli barcha talablarini qondirdi. Zeki Chelik «Lill»dan, Mile Svilar «Benfika»dan, Nemanya Matich esa «Manchester Yunayted»dan olib kelindi. Darhaqiqat, asosiy pozitsiyalar mustahkamlandi. Demak, murabbiy endi futbolchilar soni oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi mantiqan to‘g‘ri.

FOTO: PAOLO BRUNO/GETTY IMAGES

Bir necha futbolchi allaqachon «Roma»ni tark etgan, Italiyada esa Shomurodov keyingisi bo‘lishi mumkinligi haqida gapirishmoqda. Unga uchta o‘rtoqlik o‘yinida imkon berildi, ammo u katta taassurot qoldirmadi. Shu sababli, uning ketishi faqat strategiyaga bog‘liq bo‘lishi mumkin: klub transfer oynasi yopilguncha kutib turadi va eng yaxshi taklifni tanlaydi.