O‘zbekiston | 18:36 / 05.08.2022
22200
16 daqiqa o‘qiladi

Bahovuddin Naqshband Haj safariga ketishdan avval shogirdlariga nega 20 ta tovoq olishni buyurardi? “Zakovat”ning navbatdagi sonidan reportaj

Bekobodliklar yoqtirmaydigan va Tailandda ko‘plab avtohalokatlarga sabab bo‘lgan narsa nima? Turkiyadagi Andarun maktabi xodimlari nega maktabga qabul qilingan bolalarning sochini kal qilib olgan? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining to‘rtinchi o‘yinida Farrux Rafiqov jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Ravshan Ismoilov - UzTelecom aksiyadorlik jamiyati mutaxassisi (chapdan o‘ngga);
  • Azizbek Abdullayev - mustaqil tadqiqotchi;
  • Farrux Rafiqov - muhandis-loyihachi (jamoa sardori);
  • Saidkamol Abdurazzoqov - menejyer; 
  • Shavkat Ulug‘ov - muhandis-texnolog.
  • Umarxon Sharif - muhandis.

Farrux Rafiqov jamoasi 2022 yilning yozgi mavsumi to‘rtinchi o‘yinida ishtirok etdi. Jamoa mavsumda qatnashayotgan eng tajribalilaridan biri bo‘lsa ham finalga chiqishda har safar omad yetishmay qolyapti. Jamoa bu mavsumda finalga chiqish uchun kamida 6:4 hisobida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

1-raundda Bahovuddin Naqshband Haj safariga ketishda nega shogirdlariga yigirmata tovoq olishni buyurgani haqida savol o‘ynaldi. Jamoa muhokama davomida to‘g‘ri yo‘nalish olgan bo‘lsa-da, biroq to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Hisob – 0:1.

2-raundda ko‘chmanchi xalqlar ishlatadigan jihoz haqida savol o‘ynaldi. Bu raundda Umarxon Sharif to‘g‘ri variantni aytgan bo‘lsa-da, jamoani o‘z fikriga ishontira olmadi. Natijada bu raund ham qo‘ldan boy berildi. Hisob – 0:2.

3-raund savoli “Uch mushketyor” romanida mushketyorlarning jangga tayyorgarlik ko‘rishi haqida bo‘ldi. Bu savol jamoaga biroz qiyinlik qildi. Shunga ko‘ra, muhokama vaqtida umuman to‘g‘ri variant bo‘lmadi. Hisob yirik ko‘rinish oldi – 0:3.

Navbatdagi raund savoli Lego o‘yinchoqlaridan yasalgan turli asarlarga o‘xshatmalar haqida bo‘ldi. Blitsning birinchi va ikkinchi savolini osonlik bilan topgan jamoa 3-savolga kelib qiynalib qoldi. Shu sababli, blitsning 3-savoliga klub yordami olindi. Yordam o‘z vaqtida olindi va bilimdonlar o‘zlarining ilk ochkolarini qo‘lga kiritdi. Hisob – 1:3.

5-raundda bekobodliklar yoqtirmaydigan va Tailandda ko‘plab avtohalokatlarga sabab bo‘lgan narsa sandiqchada olib chiqildi va uning nimaligini topish so‘raldi. Muhokamani to‘g‘ri yo‘nalishda olib borgan jamoa yakunda savolga ham to‘g‘ri javob bera oldi. Hisob esa qisqardi – 2:3.

Keyingi raundda harbiy maqsadda ishlatiladigan UAZ-469 avtomobili haqida savol o‘ynaldi. O‘yindagi qiyin savollardan yana biri bu safar ham teletomoshabinlarga ochko keltirdi. Hisob – 2:4.

7-raund savoli bilimdonlarga qulay keldi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi chop etilishidagi muammo haqidagi savol jamoaga navbatdagi ochkoni olib keldi. Hisob yana qisqardi – 3:4.

O‘yin qizg‘in pallaga kirib bormoqda! Bilimdonlar agar finalga chiqishni xohlashsa, endi ochko yo‘qotishga haqlari yo‘q.

8-raundda Amir Temur davrida Samarqanddagi Ko‘ksaroy qal’asi nega qattiq qo‘riqlangani haqida savol o‘ynaldi. Ushbu savol ham anchagina og‘ir vaznli bo‘lib chiqdi va bilimdonlar to‘g‘ri variantga yetib bora olmadi. Hisob – 3:5.

Endi jamoa faqatgina bor-baraka o‘yinida yutib finalga yo‘l olishi mumkin. Finalga chiqish vazifasi yanada og‘irlashdi.

Keyingi raund savoli norveg yozuvchisi Yu Nesbyo asaridagi bir qo‘rqinchli jarayonga berilgan ta’rif haqida bo‘ldi. “Zakovat”ning eng tajribali bilimdonlaridan biri Saidkamol Abdurazzoqov mazkur savolda yaxshi o‘yin ko‘rsatib, jamoaga muhim ochkoni keltirdi. Hisob – 4:5.

Bor-baraka o‘yinida qatnasha olish uchun jamoa yana bir savolga to‘g‘ri javob berishi lozim.

10-raund savoli Turkiyadagi olimlar tayyorlaydigan Andarun maktabi haqida bo‘ldi. Afsuski, bilimdonlarda to‘g‘ri variant bo‘lmadi va ushbu savol o‘yindagi oxirgisi bo‘lib qoldi. Hisob – 4:6.

Alamli mag‘lubiyatga uchragan jamoa final yo‘llanmasini qo‘ldan boy berish bilan birga o‘zining kuzgi mavsumdagi ishtirokini ham so‘roq ostida qoldirdi.

Yozgi mavsumda qatnashmagan faqat Abbos Salaydinov jamoasi qoldi. Ushbu jamoa o‘yinidan keyin mavsum finalida kim qatnashishi aniq bo‘ladi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1️ -raund. Savol muallifi - Hulkar Turobova, Buxoro shahri

Boshlovchi: Hazrat Bahovuddin Naqshband Haj safariga ketishda o‘zlari bilan yigirmata tovoq olishni shogirdlariga buyuradilar. Shogirdlar "nega?" deb so‘rashganida, hazrat "yo‘lda bilasizlar" degan javobni qiladilar.

Diqqat savol: Yo‘lda yigirmata tovoq nima ishda kerak bo‘lgan?

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Bizning fikrimizcha, yo‘l uzoq, tunda namlikni yig‘ish bahonasida shu tovoqlarga suv yig‘ishgan deb o‘ylayapmiz. Havo nam vaqtida va o‘simliklarning oldiga qo‘yib qo‘yishgan.

To‘g‘ri javob: Yo‘lda suvga ehtiyoj paydo bo‘lganda quduq qazib suv chiqarish zarur bo‘ladi. Suvni zaxira qilib yana yo‘lga tushiladi. Karvon ichida doim bir nechta quduq qazuvchilar bo‘lgan. Suv zaxirasi tugayotganda ular bu ishni amalga oshirishgan. Suvni topish uchun tovoqlar har joyga og‘zini yerga qaratib ko‘mib chiqiladi. Qayerda suv to‘plansa, ya’ni tovoqning osti nam bo‘lib qolsa, aynan shu yerda suv borligini bilishgan va quduq qazishgan.

Hisob: 0️ - 1️

Savol muallifi Hulkar Turobova 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi: Begzod Ortiqov, Ishtixon tumani

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Bu buyumni ko‘chmanchilar va cho‘ponlar ishlatishgan.

Diqqat savol: Nima uchun ishlatishgan?

Javobni Ravshan Ismoilov beradi: Ko‘chmanchilar va cho‘ponlar bu narsani otning egariga bog‘lab qo‘yib go‘sht saqlashgan.

To‘g‘ri javob: Otliqlar uning ichiga yo‘lda zarur bo‘luvchi kosa va piyolalar solib yurishgan.

Hisob: 0 - 2

Savol muallifi Begzod Ortiqov 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Shahzod Tojiyev, Guliston shahri

Boshlovchi: Dyumaning "Uch mushketyor" romanida mushketyorlarning jangga tayyorgarlik ko‘rishi haqida yozilgan. Ularni ikki xil holatda o‘rgatishar ekan. Birinchi holatda qilichdan bo‘sh turgan qo‘l jangchining orqasida turadi.

Ikkinchi holat bor. Ikkinchi holatda qilichdan xoli qo‘l yonga ko‘tarilgan bo‘ladi.

Bu usulning ham o‘z sababi bor.

Diqqat savol: Qanday sabab tufayli mushketyorlar ushbu holatda jang qilishgan?

Javobni Ravshan Ismoilov beradi: Birinchi holatda yerda turgan holda jang qilish, ikkinchi holatda ot ustida jang qilish uchun.

To‘g‘ri javob: Ular kunduzi jang qilganda birinchi holatda turishadi. Ikkinchi holatda esa qorong‘ida jang qilishga to‘g‘ri kelganda, bo‘sh qo‘lda chiroq ushlab turishadi.

Hisob: 0 - 3

Savol muallifi Shahzod Tojiyev 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Blits. Blits savollari muallifi - Shahzod Abduhalimov

Mavzu: Lego tomonidan yasalgan boshqotirmalar

1-savol:

Boshlovchi: Yoshlikni bir eslaysizlar. Diqqat birinchi boshqotirma.

Diqqat savol: Ayting-chi, qaysi ertak ushbu surat ortida berkitilgan?

Javobni Azizbek Abdullayev beradi: Gulliverning g‘aroyib sarguzashtlari.

To‘g‘ri javob: Gulliverning sarguzashtlari.

2-savol:

Boshlovchi: Ikkinchi boshqotirmani ko‘rsating.

Diqqat savol: Ushbu rasmda qaysi ertak uchun chiqarilgan boshqotirma bor?

Javobni Umarxon Sharif beradi: Quyon va toshbaqa ertagi.

To‘g‘ri javob: Quyon va toshbaqa haqidagi ertak edi.

3-savol:

Boshlovchi: Rasmga e’tibor qaratinglar!

Diqqat savol: Qaysi ertak nazarda tutilgan?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Umarxon Sharif beradi: Piter Pen

To‘g‘ri javob: Piter Pen

Hisob: 1 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Shohrux Tugalov, G‘allaorol tumani

Boshlovchi: Marhamat, "Zakovat sandiqchasi" olib chiqilsin.

Ko‘pchilik sandiqchadagini urfdan qolgan, deb o‘ylaydi. U urfda bo‘lganmi, bo‘lmaganmi bekobodliklar Uni yoqtirishmaydi. Tailandda dastlabki avtomobillar qatnovi boshlanganda U tufayli ko‘p avtohalokatlar ro‘y bergani aytiladi.

Diqqat savol: Uning nimaligini va sandiqchada nima borligini toping.

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Bekobodda Qo‘qon singari shamollar ko‘p bo‘ladi. Ular yoqtirmaydigan narsa shamolga o‘xshash narsadir. Ko‘p avtohalokatlarga sabab bo‘lgan narsa biror bir bosh kiyim bo‘lishi mumkin. Sandiqcha ichida bosh kiyim, shlyapa bor.

To‘g‘ri javob: U shamolni yoqtirmaydi, tez-tez qo‘zg‘alib turadi, uchib ketadi. Tailandda avtomobil haydovchilar uni boshlaridan yechib haydashgandan keyin halokatlar kamaygan. Sandiqcha ichida shlyapa bor edi.

Hisob: 2 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi - Raj Diyorov, Chiroqchi tumani

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Siz ekranda ko‘rib turgan mashina modeli UAZ 469. Uning ichki ko‘rinishi berilmoqda. Ko‘rib turganingizdek, bu mashinaning negadir ikkita ruli bor. Chap tomondagisi avtomobilni boshqarish uchun bo‘lsa, ikkinchi rulning boshqa vazifasi bo‘lgan.

Diqqat savol: Ayting-chi, o‘ng tomonda kim o‘tirgan?

Javobni Shavkat Ulug‘ov beradi: Bu avtomobilni yerda ham, suvda ham harakatlanadigan avtomobil deb o‘yladik. O‘ng tomonida o‘tiradigan inson suvga tushganda uni boshqaradi.

To‘g‘ri javob: Dastlab mashina harbiylar uchun ishlab chiqarilgan. Avtomobil old qismida mina izlovchi moslama bor. Ikkinchi rulni sapyor boshqaradi. Minaning jarangi eshitilishi bilan u avtomobilni to‘xtatadi. Keyin sapyorlar kelib uni tozalashadi.

Hisob: 2 - 4

Savol muallifi Raj Diyorov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi Abdulaziz Normo‘minov, Ko‘kdala tumani

Boshlovchi: Mahmudxo‘ja Behbudiy "Padarkush" dramasini 1911-yilda yozib tugatgan. Oradan 1 yilcha vaqt o‘tib, uni kitob holida bosib chiqarmoqchi bo‘ladi. Bunga Chor Rossiyasi mustabidlari yo‘l qo‘yishmaydi. Bir rus noshiri kelib: "Men bosib chiqaraman. Faqat so‘zboshi qilib kitobni Uning yubileyiga bag‘ishlashimiz kerak" deydi. U rozi bo‘ladi va kitob bosib chiqariladi.

Diqqat savol: Aniq qanday nomni ishlatib chop etmoqchi bo‘lishgan?

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Rus noshiri uni Borodino jangi yubileyiga bag‘ishlagan.

To‘g‘ri javob: Kitobga u rus tilida "Russiyaning Borodino jangida erishgan g‘alabasining 100 yilligiga bag‘ishlanadi" deb yozmoqchi bo‘lgan.

Hisob: 3 - 4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi - Do‘stmurod Nazarov, Sariosiyo tumani

Boshlovchi: Rui Gonsales de Klavixo Samarqandda bo‘lgan vaqtida Ko‘ksaroy qal’asining atrofi o‘rab olinib, qattiq qo‘riqlanayotganini yozadi. Qasr atrofi suv oqib turadigan xandaq bilan hamda kuchaytirilgan qo‘riqchilar kuzatuvida bo‘lgan deb yozib ketgan.

Diqqat savol: Nega bu qasr qattiq qo‘riqlangan?

Javobni Farrux Rafiqov beradi: Amir Temur saroyi bo‘lgan bu Ko‘ksaroy. Amir Temur urushga ketgan vaqtida ayoli va farzandlari qolgani uchun qattiq qo‘riqlangan.

To‘g‘ri javob: Ko‘ksaroy ichida Sohibqiron armiyasi uchun qurol ishlab chiqarilgan.

Hisob: 3 - 5

Savol muallifi Do‘stmurod Nazarov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi - Feruz Usmonov, Mirobod tumani

Boshlovchi: Norvegiyalik zamonaviy yozuvchi Yu Nesbyoning "Ko‘rshapalak" romanidan olingan bu parcha. Asar qahramoni bir jarayonga ta’rif beradi. Butun tanam go‘yo o‘layotganday tashvishga tushib, tanadagi har bir tuyg‘u tirik qolishga yechim qidiradi. Miyang kompyuterga aylanib, barchasini nazoratda ushlab turadi. O‘lim qo‘rquvini yenga olsang, taxminan qirq soniyada butun umringni yashab o‘tasan.

Diqqat savol: Bu jarayonni uchta so‘z bilan ayting.

Javobni Saidkamol Abdurazzoqov beradi: Parashyut bilan sakrash.

To‘g‘ri javob: Parashyutdan birinchi sakrash.

Hisob: 4 - 5

Bilimdonlar jamoasi 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi - Dilafruz Ro‘zimova, Hazorasp tumani

Boshlovchi: Turklar millat bilimli insonlar qo‘lida ekanligini bir necha asrlar avval bilishgan. Iqtidorli bolalarni axtarib, maktablarga jalb qila boshlashgan. Olimlar tayyorlaydigan Andarun maktab o‘qituvchilari shahar qishloqlar bo‘ylab qobiliyatli bolalarni axtarishar edi. Bolani imtihon qilishgach, ma’qul kelsa, sochini tagi bilan olib tashlashgan.

Diqqat savol: Bu ishni nima maqsadda qilishgan?

Javobni Ravshan Ismoilov beradi: Imtihon qilgandan so‘ng, o‘zlariga ma’qul bo‘lgan insonga, buni imtihon qilib bo‘ldik degan maqsadda belgi sifatida qo‘yib ketishgan.

To‘g‘ri javob: Olimlar tayyorlaydigan Andarun maktablari bir umr ilmga o‘zini bag‘ishlaydigan maktab. Yosh bolalar o‘yinqaroq bo‘lishadi. Tanasini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sochini olib tashlab, boshini ham tekshirishgan. Biror joyida yoriq, qashqa yo‘qmi, deb tekshirishgan. Boshi zarba yegan bo‘lsa, unday bolalar ilm ishiga yaramaydi deb hisoblashgan va uni olishmagan.

Hisob: 4 - 6

Savol muallifi Dilafruz Ro‘zimova 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Shahzod Tojiyev

Mushketyorlar haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Farrux Rafiqov

Farrux Rafiqov 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid