2022 yil 8 avgust kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeBRD), Jahon banki guruhi a’zosi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va TBC Bank Group PLC kompaniyasi TBC Bank Uzbekistan’ga (TBC UZ) umumiy miqdorda 35,1 million dollar qo‘shimcha sarmoya kiritdi. TBC Bank Uzbekistan Gruziyaning yirik TBC Bank group PLC holding kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi. TBC Bank Group PLC Angliya va Uelsda ro‘yxatdan o‘tgan, kompaniyaning aksiyalari London fond birjasida kotirovka qilinadi.
Ushbu kapital oshirilishi 2021 yil 30 sentabrda TBC UZ, TBC Bank Group PLC, EBRD va IFC o‘rtasida imzolangan investitsion kelishuv doirasida ko‘p yillik moliyalashtirish rejasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, ikki institutsional investorning (YeTTB va IFC) har biri TBC UZ’da 20 foizdan ulushlarni qo‘lga kiritgan edi.
Ilk badal miqdori 18,8 million AQSh dollari, ya’ni har bir investor uchun 9,4 million dollarni tashkil qildi. Shu bilan birga, TBC Bank Group PLC 25,9 million dollar investitsiya kiritdi.
Ikkinchi sarmoya doirasida EBRD va IFC har biri $7 milliondan, TBC Bank Group PLC esa $21,1 milliondan jalb qildi. Shunday qilib, TBC UZ’ga jalb qilingan investitsiyalarning umumiy miqdori 79,8 million AQSh dollarini tashkil etdi. Investitsion kelishuvga asosan, 2023-2024 yillarda ham kapitalni ko‘paytirish rejalashtirilgan.
TBC Bank O‘zbekistondagi ikki yillik faoliyati davomida yirik o‘sish templarini ko‘rsatishga erishdi. Bank 2020 yilning aprel oyida litsenziyasini qo‘lga kiritdi va oktabr oyida tijoriy faoliyatini boshladi. Bank TBC Group’ga tegishli va mobil ilova orqali chakana bank xizmatlarini taklif etuvchi “Space” platformasining innovatsion fintech bazasida faoliyat yuritadi. 2022 yilning iyuliga kelib TBC UZ ilovasini 2,4 million kishi yuklab oldi. Ayni payt TBC Bank respublikaning 9 ta shahridagi shou-rumlari va butun mamlakat bo‘ylab 33 ta “mijozlarni faollashtirish nuqtalari” orqali bank xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.
TBC Bank chakana foydalanuvchilarga onlayn-formatda: pul o‘tkazish, kredit, avtokredit, depozit, muddatli to‘lov, bank kartalari va hisobvaraqlar bo‘yicha to‘lov qilish kabi xizmatlarni taqdim etadi. Barcha imkoniyatlardan TBC UZ ilovasida foydalanish mumkin.
EBRD, IFC va TBC Bank Group PLC investitsiyalari TBC Bank operatsion faoliyati rivojlanishiga, bank sektorida korporativ boshqaruvning xalqaro standartlarini ilgari surishga yordam beradi va O‘zbekistonda raqamli moliyaviy bozor mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi.
Yangi investitsiyalar mamlakat bozoriga yaqinda kirib kelgan raqamli bank operatsion faoliyati yanada o‘sishiga va sektorda korporativ boshqaruv xalqaro standartlarini ilgari surishga turtki bo‘ladi.








