Toshkentning Sergeli tumanida mahalliy rassom Nadejda Riksiyeva TBC Bank bilan hamkorlikda yaratgan noyob devoriy rasm paydo bo‘ldi. Ushbu san’at asari shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish bilan birga, innovatsion Airlite bo‘yoqlari yordamida havoni ham tozalaydi. Ushbu texnologiya shaharlardagi havoning ifloslanishiga qarshi kurashda eng istiqbolli yechimlardan biri sifatida BMT tomonidan tan olingan bo‘lib, bir qator xalqaro loyihalarda o‘z samaradorligini isbotlagan va endilikda ilk bor O‘zbekistonda qo‘llanilmoqda. Mural uchun joy tasodifiy tanlanmagan: Sergeli tumani — Toshkentning eng jadal rivojlanayotgan, aholi zich joylashgan hududlaridan biri bo‘lib, loyihaning ko‘plab insonlarni qamrab olib, ularni ilhomlantirishiga imkon yaratadi.

Foto: TBC Bank

Bo‘yoqning ta’siri xuddi momaqaldiroqdan keyin havoning manfiy zaryadlangan ionlar bilan tozalanishi yoki o‘simliklarning havodagi karbonat angidridni yutib, kislorod ajratib chiqaruvchi fotosintez kabi tabiiy jarayonga asoslangan. Quyosh nuri ta’sirida bo‘yoq havodagi ifloslangan zarralar, ya’ni azot oksidlarini zararsizlantiradi va xuddi shunday maydonga ega yashil hudud kabi zararli chiqindilar darajasini samarali ravishda kamaytiradi. 250 m² lik qoplama kuniga 50 ta avtomobildan chiqadigan zararli moddalarni neytrallay oladi. Bo‘yoq quyosh nurlarining issiqlik tarqatuvchi komponentlarini qaytarib, ortiqcha qizib ketishning oldini oladi. Bu esa binolarning energiya samaradorligini oshirishga va shaharlarda “issiqlik oroli” ta’sirini kamaytirish orqali haroratni pasaytirishga yordam beradi.

Ushbu texnologiya ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan bo‘lib, 5 ta xalqaro patent bilan himoyalangan va butun dunyoda — shahar devoriy tasvirlaridan tortib kasalxona intererlarigacha keng qo‘llanilib kelinmoqda. IKEA, Nike va Volkswagen kabi mashhur brendlar Airlite bo‘yoqlaridan o‘z loyihalarida foydalanishadi.

“Yangi mural san’at va texnologiyaning uyg‘unligi orqali shahar muhitini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy shaharsozlik yondashuvini ifodalaydi. Biz nafaqat moliyaviy innovatsiyalarni joriy etishga, balki mijozlarimiz yashaydigan shaharlarning barqaror rivojlanishiga ham hissa qo‘shishga harakat qilamiz. Shuningdek, biz san’at rivojiga e’tibor qaratib, iste’dodli o‘zbekistonlik rassomni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Ushbu loyiha korporativ ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarimizni va ijobiy o‘zgarishlarga intilishimizni o‘zida aks ettiradi”, - deydi TBC Uzbekistan ekotizimi (TBC Bank, payme va payme nasiya xizmatlarini o‘z ichiga oladi) marketing direktori Nodira Shermatova.