Rossiya Ukraina bilan urushda asosan xorijiy komponentlardan iborat qurollardan foydalanmoqda. Chunki, ularsiz rus qurollari bir uyum temir-tersakka aylanadi. Komponentlarning bir qismi sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyaga olib kirilgan bo‘lishi mumkin, deyiladi Britaniyaning Mudofaa tadqiqot instituti (RUSI) hisobotida.
RUSI Ukrainada qo‘llangan va Ukraina armiyasi tomonidan qo‘lga olingan 27 turdagi zamonaviy rus qurollarining namunalarini o‘rgandi. Ular orasida qanotli raketalar, aloqa tizimlari va radioelektronika majmualari bor.
Mutaxassislar qurollarni bo‘laklarga ajratib, barcha qismlarini, jumladan mikroelektronikani ham ro‘yxatga olib, tasniflab chiqishdi. Komponentlarning ta’rifi va seriya raqamlari import-eksport bo‘yicha ma’lumotlar, Rossiya davlat xaridlari, shuningdek, harbiy qurollarning dislokatsiyasi haqidagi razvedka ma’lumotlari bilan taqqoslandi. Natijada, mutaxassislar ushbu namunalarda AQSh, Yevropa va Sharqiy Osiyoda ishlab chiqarilgan kamida 450 turdagi import qismlarini aniqladi.
«Rossiya harbiy harakatlari ko‘p jihatdan razvedka zarbasiga bog‘liq: nishonni topish, so‘ngra ularni o‘qqa tutish. Biz bu zanjirning deyarli har bir qismi xorijiy komponentlarga bog‘liq ekanini aniqladik», deydi RUSI katta ilmiy xodimi va hisobot mualliflaridan biri Jyek Uotling.
G‘arbda ishlab chiqarilgan muhim komponentlar bo‘lmaganida, Rossiya 2014 yilda va hozirda Ukrainadagi urushni davom ettira olmasdi. Oddiy misol: dastlab, Rossiya harbiylari «Orlan-10» droni yordamida nishonni aniqlashadi. So‘ngra koordinatalar «Akveduk» radioaloqa majmuasi yordamida uzatiladi. Keyin «Tornado-S» tizimi orqali nishonga raketa uchiriladi.

RUSI mutaxassislari «Orlan-10» dronida yapon dvigateli, Shveytsariya kompaniyasining mikrokontrolleri asosidagi boshqaruv tizimi va Amerika uskunalari o‘rnatilgan kamera uchun mo‘ljallangan qismni topishdi. «Akveduk» majmuasida 10 dan ortiq xorijiy komponentlar bor. «Tornado-S» raketasining muhim navigatsiya elementlari Amerika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, Rossiyaning 9M727 va X-101 qanotli raketalarida ham Amerikaning yirik zavodlarida ishlab chiqarilgan 30 dan ortiq komponent borligi aniqlangan. Umuman olganda, Rossiya qurollarida topilgan 450 ta xorijiy komponentning 70 foizi AQSh kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.


















