Jahon | 11:34 / 11.08.2022
5331
3 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In KXDR «koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini» tantanali ravishda e’lon qildi

Shimoliy Koreya virusga qarshi qattiq cheklovlarni olib tashlab, koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Kim Chen Inning singlisi Janubiy Koreyani COVID-19 tarqalishida aybladi.

Kim Chen In

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat «koronavirusga qarshi kurashda g‘alaba qozonganini» e’lon qildi va may oyida joriy etilgan maksimal epidemiyaga qarshi choralarni bekor qilishni buyurdi. Bu haqda 11 avgust, payshanba kuni Shimoliy Koreyaning KMTA davlat axborot agentligi xabar berdi.

Epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar bo‘yicha yig‘ilishda Kim Chen In «epidemiyaga qarshi favqulodda kampaniyada g‘alaba qozonilganini tantanali ravishda e’lon qildi», xalqni hushyor bo‘lishga va chegara hududlarida butun dunyo bo‘ylab maymun chechagi hamda COVID-19’ning boshqa variantlar tarqalishi munosabati bilan nazorat choralarini qo‘llashga chaqirdi. 

12 may kuni Shimoliy Koreya mamlakatda «bezgak» bilan kasallangan birinchi bemor haqida xabar berdi, xorijlik mutaxassislar uni koronavirus infeksiyasi deb hisoblashdi. Bungacha, butun pandemiya davrida Pxenyan kasallik holatlari qayd etilmagani haqida ma’lum qilib keldi. Davlat OAV ma’lumotiga ko‘ra, aprel oyi oxiridan beri KXDRda «bezgak» bilan kasallanganlarning umumiy soni 4,8 million kishidan oshgan, 74 nafar bemor vafot etgan. 

Xuddi shu yig‘ilishda so‘zga chiqqan Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Ye Chjon akasi Kim Chen In KXDRdagi «bezgak» epidemiyasi vaqtida og‘ir kasal bo‘lib qolganini aytdi. 

«U yuqori harorat bilan og‘ir kasal bo‘lishiga qaramay, epidemiyaga qarshi urush sharoitida o‘zi qayg‘urishi kerak bo‘lgan odamlar haqida o‘ylab, bir daqiqa ham tinch yotolmadi», dedi Kim Ye Chjon. 

U Kim Chen Inning sog‘lig‘i haqida batafsil ma’lumot bermadi, biroq Janubiy Koreya hukumatini COVID-19’ning Shimoliy Koreyaga «kirib kelishiga turtki berganlikda» aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreyadan KXDRga «yomon virus» bo‘lgan varaqalar va buyumlar yuborilmoqda. 

Mavzuga oid