Planet kompaniyasi tomonidan sönggi haftalarda olingan sunʼiy yöldoş tasvirlari Rossiya va Şimoliy Koreya örtasidagi birinçi avtomobil köprigi qurilişi qay darajaga yetganini körsatdi.
Tasvirlarga köra, KXDR tomonida köprikka olib boruvçi infratuzilma töliq qurib bitkazilgan. Daryo sohilidan bir neça yuz metr uzoqlikda bojxona majmuasi va nazorat-ötkaziş punkti barpo etilgan.
Rossiya tomonida esa işlar hali davom etmoqda. Bu yerda çegara infratuzilmasi obyektlari qurilyapti, köprikka olib boruvçi avtomobil yöli ham hozirça töliq bitmagan.
Yirik bojxona binosi uçun maydon tayyorlangan va kelajakdagi avtomobil yöli uçun şağal yotqizilgan. Biroq manbaga köra, Rossiya tomonidagi infratuzilma tijoriy yuk transporti harakatini boşlaş uçun hali töliq tayyor emas.
Yangi ötiş joyi Rossiya-KXDR çegarasidagi Tumannaya daryosi, koreys tilida Tumangan deb ataladigan hududda joylaşgan. Bu yerda ikki mamlakatni boğlovçi temiryöl ötiş joyi ançadan beri mavjud.
Sovet davrida uşbu yönaliş orqali katta hajmda yuk taşilgan. 1991-yildan keyin esa uning avvalgi ahamiyati sezilarli darajada pasaygan.
Rossiya va KXDR örtasidagi transport aloqalarini kengaytiriş masalasi 2024-yilda ikki mamlakat «Har tomonlama strategik şeriklik töğrisida»gi şartnomani imzolaganidan keyin yana faollaşdi. Öşa davrda mamlakatlar örtasida avtomobil köprigi quriş böyiça ham qaror qabul qilingan.
Yangi köprik yuk taşişdagi mavjud muammolarni qisman hal qilişi kutilmoqda. Xususan, KXDRda standartlaştirilgan ISO konteynerlari yetarli emasligi sabab ayrim yuklarni bir temiryöl tarkibidan boşqasiga qayta yuklaşga töğri keladi. Bu esa taşiş jarayonini sekinlaştiradi.
Avtomobil ötiş joyi işga tuşirilgaç, yuk maşinalari ikki mamlakat örtasida töğridan töğri harakatlanişi va temiryöldagi uşbu çeklovlarni çetlab ötişi mumkin böladi.
Loyiha böyiça ötiş yölining umumiy uzunligi qariyb 5 kilometrni taşkil etadi. Köprikning özi unga tutaş qismlar bilan birga qariyb bir kilometrga çöziladi.
KXDR tomonidagi qism uzunligi 581 metr, Rossiya tomonidagi qismi esa 424 metr bölişi közda tutilgan. Inşootning kengligi 7 metr bölib, unda har bir yönaliş uçun bittadan - jami ikki harakat tasmasi böladi.

















