Marhumning akasi Dilshod Karimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tergovga qadar surishtiruv harakatlari sust ketayotgani, sud-tibbiy ekspertiza xulosasi cho‘zilayotganini ma’lum qildi.

Dilshod Karimovning aytishicha, ukasi Islomni 11 iyul kuni 23:00 lar atrofida Asad ismli tanishi telefon orqali chaqiradi. Asad o‘zi ishlayotgan korxonada hamkasblari bilan tortishib qolganini aytadi. Islom o‘sha joyga tanish haydovchi bilan yetib borganida, ularni bir guruh yigitlar kutib turgan bo‘ladi. Mushtlashuv yuzaga keladi. Bu orada Islomni olib borgan haydovchi ham, uni chaqirgan Asad ham voqea joyidan qochadi. Islomning o‘zi kaltaklar ostida qoladi – o‘sha kuni oqshom u uyga qaytmaydi.

Ertasi kuni yigit suvga cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan favqulodda vaziyatlar xodimlari, huquq-tartibot idoralari voqea joyini ko‘zdan kechiradi. G‘avvoslar jalb qilinadi, biroq natija bo‘lmaydi.
Islom voqeadan uch kun o‘tib, 14 iyul kuni Qarshi magistral kanalining quyiroq qismidan o‘lik holda topiladi.



Dilshod Karimov o‘sha kuni ukasi kaltaklanganiga bevosita guvoh bo‘lganlar borligini aytadi. Biroq u marhumning yaqinlari, guvohlar jiddiy so‘roq qilinmayotganidan taajjublanmoqda. 25 kundan ortiq vaqt o‘tsa-da, ekspertiza xulosalari chiqmayotgani, ukasini urgan yigitlarga nisbatan hech qanday chora qo‘llanmayotgani uning ko‘ngliga shubha solmoqda. «Ishni bosti-bosti qilib yuborishlaridan qo‘rqaman», deydi aka.

Islomning onasi Sabohat Xidirova bilan ham suhbatlashdik. Ona farzandining sodda va boshqalarga doim hamdardlik hissi bilan yashaganini aytmoqda. Ayol shu kunlarda kenja o‘g‘liga kelin olmoqchi bo‘lib yurgani, biroq dog‘da qolganini yig‘lab aytib berdi.









