Jahon | 08:19 / 12.08.2022
7496
2 daqiqa o‘qiladi

Belarus Rossiyaning shimoli-g‘arbiy qismida port quradi

Belarus bosh vaziri Golovchenkoning so‘zlariga ko‘ra, port orqali Belarus yuklarining barcha turlari katta hajmlari tashiladi. Gap mineral o‘g‘itlar, yog‘och yuklari, konteyner tashish haqida bormoqda.

Foto: Roman Golovchenko

Belarus Rossiya shimoli-g‘arbiy qismida port qurishga qaror qildi, dedi Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko 11 avgust, payshanba kuni. Unga ko‘ra, katta hajmdagi barcha turdagi Belarus yuklarini tashish rejalashtirilgan: mineral o‘g‘itlar, yog‘och yuklar, konteyner tashuvlari. «Prezident Aleksandr Lukashenkoga keyinchalik salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir nechta ishlab chiqilgan variantlar taqdim etildi. Ulardan biri bo‘yicha qaror qabul qilindi, u yaqin kelajakda amalga oshiriladi», - dedi Golovchenko.

U bo‘lajak qurilishning aniq joyi, loyihani amalga oshirish muddati va uning narxini oshkor qilmadi. «Loyiha juda yaqin vaqtlarda ishlay boshlaydi. Shu yil oxirigacha. Infratuzilmaga ko‘proq sarmoya kiritish zarur, shuning uchun biz hozirgi real sharoitlarda bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishini ko‘rishimiz kerak», - dedi Roman Golovchenko. Uning ta’kidlashicha, Belarus hozirda Rossiyaning turli dengizlardagi to‘qqizta porti bilan hamkorlik qilmoqda va tariflar har ikki davlat uchun ham qulay.

Lukashenko fevral oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Sankt-Peterburg yaqinida Belarus portini yaratish rejasini e’lon qilgan edi. «Xalqaro kelishuvlarni buzgan holda, bizga yo‘llar, biz ishlagan portlarni yopib qo‘yishdi. Rossiya prezidenti Sankt-Peterburg yaqinida o‘z portimizni qurishimiz uchun buyruq berdi», degandi u o‘shanda. Lukashenko, shuningdek, uning mamlakati avvalroq Belarus tranzitini taqiqlagan Ukraina va Litva hududi orqali yuk tashishga qaytmasligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid