Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi maʼlumotiga koʻra, qurilmalardan biri Ekologiya qoʻmitasi binosi oldida, yana biri Surxondaryo viloyati markazida oʻrnatilib, foydalanishga topshirilgan.
Tashabbus agentlik hamda Norvegiyaning chiqindilarni avtomatik yigʻish va saralash texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi TOMRA kompaniyasi hamkorligidagi pilot loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha ichimlik idishlarini alohida yigʻish va qayta ishlashga topshirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Fandomatdan foydalangan fuqaro ikki variantdan birini tanlashi mumkin. Birinchi variantda qabul qilingan har bir idish uchun 150 soʻm uning Click elektron hamyoniga oʻtkaziladi. Ikkinchi variantda esa mablagʻ xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga yoʻnaltiriladi.
Agentlikning bildirishicha, loyihadan koʻzlangan maqsad chiqindilarni saralashni kundalik odatga aylantirish va aholining ekologik madaniyatini oshirishdir. Shuningdek, foydalanilgan ichimlik idishlari qayta ishlanadigan va iqtisodiy qiymatga ega resurs ekanini koʻrsatish maqsad qilingan.
Pilot loyiha oʻzini oqlasa, fandomatlarni respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylarga ham bosqichma-bosqich oʻrnatish rejalashtirilgan.

















