O‘zbekiston | 09:00 / 15.08.2022
6899
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasi xodimlari kuni keng nishonlandi

13 avgust kuni Toshkentdagi Xalqaro forumlar saroyida Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda respublikaning barcha viloyatlaridan qurilish sohasi xodimlari ishtirok etishdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning soha xodimlariga atalgan tabrigi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan o‘qib eshittirildi.

Statistikaga ko‘ra, respublikada qurilish ishlari hajmi 2010 yilda 8,2 trillion so‘mni, 2012 yilda 11,7 trillion so‘mni, 2014 yilda 20,1 trillion so‘mni, 2016 yilda 29,4 trillion so‘mni, 2018 yilda 51,1 trillion so‘mni, 2020 yilda 88,1 trillion so‘mdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning may oyi yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 45 trillion so‘mni tashkil etdi. 2022 yil investitsiya dasturi doirasida 1 ming 868ta ijtimoiy obektda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Bu ko‘rsatkichlarni amalga oshirishda samarali faoliyat olib borayotgan xodimlar Qurilish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbirda e’tirof etilib, munosib taqdirlandilar.

Qurilish vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Komilovning aytishicha, sohani rivojlantirish natijasida 5 yil ichida 53 mln kv2 uy-joy qurilgan.

“5 yilda 218 ming oila uyli bo‘ldi - bu katta natija. Aynan mahalliylashtirish bo‘yicha alohida yondoshuv yo‘lga qo‘yilyapti. Yerlarni elektron auksion orqali xarid qilish, qurilish materiallaridagi bojlarga bo‘lgan yengilliklar shular jumlasidandir”,- deydi u.

Tadbirda qurilish sohasi xodimlari uchun taniqli xonandalar va so‘z ustalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Qurilish sohasi xodimlari kuni prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, 2017 yildan buyon avgust oyining 2-yakshanbasida nishonlanadi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid