Readovka telegram-kanali xabariga ko‘ra, Gusev shahridagi «Rostok» markazining o‘ndan ortiq tarbiyalanuvchilari jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Sobiq o‘quvchilardan birining guvohlik berishicha, katta yoshdagi bolalar tomonidan kichiklarga nisbatan dahshatli jinoyatlar sodir etilgan.

«Kaliningradlik mahalliy deputat menga murojaat qilib, markaz faoliyatini tekshirishni boshlashda yordam so‘radi. Afsuski, Gusev shahri ma’muriyati tomonidan hech qanday faol harakatlar amalga oshirilmadi», deydi Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro qo‘mitasining Rossiya bo‘limi vitse-prezidenti Ivan Melnikov.

«Rostok»ning sobiq tarbiyalanuvchilaridan biri Melnikov bilan bog‘langan va muassasada qanday voqealar sodir bo‘lganini batafsil aytib bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2005 yilda tug‘ilgan o‘smirlar o‘sha paytda atigi 8 yoshda bo‘lgan qizni jinsiy tahqirlagan. Yigit bu hodisa haqida o‘quv bo‘limi boshlig‘iga aytgan. U esa voqea haqida hech kimga churq etmaslikni tayinlagan. Qizcha boshqa muassasaga o‘tkazib yuborilgan.

«Voqea haqida mudirga aytdim. U menga hamma narsani o‘zi hal qilishini bildirdi. Hech kimga aytmaslikni so‘radi. Oxir-oqibat, hech narsa hal qilinmadi», deya yigitning so‘zlarini keltirmoqda 360tv.

Ikkinchi holat 2021 yil kuzda, yigitning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Tungi tarbiyachi unga murojaat qilib, jinsiy axloqsizlik bilan shug‘ullanayotgan ikki o‘smirni ajratishda yordam so‘ragan. Yana kimlar bu ish bilan shug‘ullanayotganini aniqlashga kirishilganda, ularning soni 12 nafar ekani ma’lum bo‘lgan. Voqeani oshkor qilgan tarbiyalanuvchi boshqa muassasaga o‘tkazilgan.

Melnikovning so‘zlariga ko‘ra, u deputat Dmitriy Zabolotniy bilan birgalikda tergov qo‘mitasi raisi Bastrikinga murojaat qilgan.

Guvoh yigit «Rostok» markazida sodir bo‘lgan hodisalarni oshkor qilish orqali vaziyatni o‘zgartirmoqchi bo‘lganini aytgan. U ta’riflagan holatlar 2019-2020 yillarga to‘g‘ri keladi.

«Agar avvalgi faktlar haqida gapiradigan bo‘lsak, markazda haqiqatan ham tushunarsiz voqealar sodir bo‘lgan. Tushunishimcha, juda ko‘p bolalar jabrlangan - 10dan ortiq. Ularning aniq sonini tergov organlari aniqlaydi», — deb qo‘shimcha qildi Melnikov.