Jahon | 11:55 / 23.08.2022
6801
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq hududining yarmiga qurg‘oqchilik tahdid solmoqda

YeI hududining 47 foizi qurg‘oqchilik xavfini tug‘diradigan g‘ayritabiiy uzoq vaqt davomida yog‘ingarchiliksiz holatni boshdan kechirmoqda, hududning 17 foizi allaqachon favqulodda vaziyatga tushib qolgan, deya ma’lum qildi Yevropa qurg‘oqchilik monitoringi xizmati.

Foto: Reuters

Yevropa ittifoqi hududining deyarli yarmi (47 foiz) avgust oyida qurg‘oqchilik xavfi ostida turibdi, deb xabar berdi Yevropa qurg‘oqchilik monitoringi xizmati 22 avgust, dushanba kuni Bryusselda. Uzoq vaqtdan beri yog‘ingarchilikning kuzatilmayotgani sababli, YeI hududining 17 foizi allaqachon favqulodda vaziyatni boshdan kechirmoqda, bu o‘simliklar va ekinlar hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deya ma’lum qildi xizmat.

Iyul oyida qurg‘oqchilik xavfi Yevroittifoq hududining 46 foizida aniqlangan. «Yil boshidan buyon Yevropaning ko‘plab mintaqalariga ta’sir ko‘rsatayotgan kuchli qurg‘oqchilik yangi hududlarga tarqaldi va avgust oyi boshidan kuchaydi», deyiladi Yevropa komissiyasi topshirig‘i bilan tayyorlangan hisobotda.

Hujjat mualliflarining ta’kidlashicha, yog‘ingarchilik yo‘qligidan eng ko‘p zarar ko‘rgan mintaqalar orasida Portugaliyaning bir qismi, butun Ispaniya, Fransiya janubi, Italiya markaziy qismi, Germaniya janubi, shuningdek, Slovakiya, Vengriya va Ruminiyani qamrab olgan katta hudud bor.

Avgust oyi o‘rtalarida ayrim hududlarda yog‘gan yomg‘irlar qurg‘oqchilikni biroz yumshatgan, ammo momaqaldiroqlar ba’zi hududlarga zarar yetkazgan va yomg‘irning ijobiy ta’sirini cheklagan bo‘lishi mumkin, deb yozadi mutaxassislar. Uzoq muddatli anomal qurg‘oqchilikdan so‘ng, ular avgustdan oktyabrgacha YeIning ko‘p qismida «sharoit normalga yaqinlashishi»ni kutmoqda. O‘tgan oylardan to‘liq tiklanish uchun bu yetarli bo‘lmasligi mumkin, ammo ko‘p joylarda bu og‘ir ahvolni yumshatadi, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, g‘arbiy O‘rta Yer dengizi mintaqalarida issiq va o‘rtachadan yuqori quruq ob-havo noyabrgacha davom etishi mumkin. Shu sababli, mutaxassislar Ispaniya va Portugaliyaning ayrim hududlarida qurg‘oqchilik davom etishini istisno qilmayapti. Anormal issiq va quruq ob-havo hosilning nobud bo‘lishiga olib kelishi kutilmoqda. Xususan, makkajo‘xori, soya va kungaboqar kabi yozgi ekinlar zarar ko‘rish mumkin. 

Mavzuga oid